“Kapalak bolalar”: bullyozli epidermoliz qanday kasallik?
Bu tugʻma kasallik bola hayotining dastlabki kunlarida namoyon boʻlib, uning terisida yorilib, yara hosil qiladigan pufakchalar paydo boʻladi. Yillar oʻtgan sari kasallik alomatlari oʻtmaydi va bemor toʻgʻri parvarish qilinmasa, faqat yomonlashishi mumkin.
Mamlakatimizda bunday noyob genetik teri kasalligidan xabardor boʻlganlar soni kam. Yaqin kunlargacha, hatto Oʻzbekistonning tajribali shifokorlari ushbu kasallikka tashxis qoʻyishda qiynalishar edi. Butun dunyoda nozik teriga ega bullyozli epidermolizga chalingan bemorlarni “kapalaklar” deb atashadi.
Xoʻsh, bullyozli epidermoliz qanday kasallik?
Bu tugʻma kasallik bola hayotining dastlabki kunlarida namoyon boʻlib, uning terisida yorilib, yara hosil qiladigan pufakchalar paydo boʻladi. Yillar oʻtgan sari kasallik alomatlari oʻtmaydi va bemor toʻgʻri parvarish qilinmasa, faqat yomonlashishi mumkin.
Oʻzbekistonda bunday tashxis bilan tugʻilganlarga yordam beradigan yagona xayriya tashkilot bu – “Kapalak bolalar” nodavlat notijorat tashkilotidir. Uning vasiyligida boʻlgan 260 nafar bemorda shunday holat aniqlangan.
“Kapalak bolalar” loyihasi
Uzoq yillar davomida yuzlab odamlar “bu qanday kasallik?”, “uni davolash mukinmi?”, “bolani ogʻriqdan qanday xalos qilsa boʻladi?”, degan savollar bilan murojaat qilgan. Ularning ayrimlari shifo izlab Rossiya yoki Turkiyaga yoʻl olar, baʼzilar esa internetdan maʼlumotlarni topar edi.
2019-yilda Ulugʻbek Sobirov boshchiligidagi shifokorlar guruhi tashabbusi Sogʻliqni saqlash vazirligining Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy dermotovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi, Rossiyaning “Deti-babochki” va tadbirkor “Sanʼat, ilm-fan va sport” xayriya jamgʻarmalari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi. Shunday qilib, mamlakatimizda “Kapalak bolalar” loyihasi ish boshladi. Bu Oʻzbekiston uchun juda muhim va ahamiyatli boʻlib, 2020-yil 3-yanvarda “Kapalak bolalar” NNT maqomiga ega boʻldi va tizimli ish yoʻlga qoʻyildi.
Bugungi kunda “Kapalak bolalar” tashkilotida bullyozli epidermoliz va ixtioz boʻyicha taʼlim olgan 25 nafar mutaxassis dermatolog, neonatolog, genetik, pediatr, reabilitatsiya qiluvchi, diyetolog, onkolog, jarroh, psixolog va hamshiralar jamoasi mehnat qilmoqda.
Bir yildan ortiq vaqtdan buyon tashkilot, “tez yordam” sifatida oʻz vasiyligida boʻlganlar sogʻligʻini himoya qilmoqda. Bugungi kunga kelib, Oʻzbekistonda bullyozli epidermoliz tashxisini qoʻyish, simptomatik davolash, respublika boʻylab bir necha yuz “kapalaklar” uchun hayot sifatini yaxshilash boʻyicha muvaffaqiyatga erishildi.
“Kapalak bolalar” oʻz vasiyligida boʻlganlarga qanday qilib yordam beradi?
Afsuski, bullyozli epidermolizni davolash yoʻli hali mavjud emas – shifokorlar faqatgina bolalar va kattalarning hayotini osonlashtirishi mumkin. Bu esa qimmatbaho bogʻlov vositalari va malhamlardan foydalangan holda, muntazam bogʻlov yordamida amalga oshiriladi. Bullyozli epidermolizga chalingan insonni davolash uchun kasallikning holatiga qarab har oyda 6 milliondan 50 million soʻmgacha mablagʻ zarur boʻladi. Mamlakatimizda koʻpchilik oilalarning bunday mablagʻ bilan davolanishga qurbi yetmaydi. Shuning uchun, “Kapalak bolalar” NNT begʻaraz asosda bogʻlov vositalari, tibbiy mahsulotlar, joriy parvarish uchun zarur boʻlgan materiallar va preparatlar bilan oʻz vasiyligida boʻlgan insonlarni taʼminlaydi.
Tashkilot shifokorlari ota-onalarga, “kapalak bolalarga” gʻamxoʻrlik qilish qoidalarini oʻrgatgan. Endi bunday tashxis qoʻyilgan bola tarbiyalangan har bir oilada bogʻlovni qanday qilish, ovqatlanish tartibi va choʻmilish paytida qanday qoidalarga rioya qilish kerakligi maʼlum.
Uzoq yillar davomida Oʻzbekistonda “kapalaklar” toʻgʻri parvarish qilinmaganligi sababli koʻpchilikka jiddiy jarrohlik aralashuvi kerak boʻldi. 2019-yilda 14 nafar bola va 4 nafar katta yoshdagi bemor kasalxonaga yotqizilib, statsionar davolanishga joylashtirildi. 2020-yilda vasiyligimizda boʻlgan 7 nafar bola Rossiya shifoxonalarida davolandi.
Markaziy Osiyoda birinchi gen dermatozlarini davolash boʻlimi Toshkentda paydo boʻldi
Pandemiya sharoitida bemorlarni boshqa mamlakatlarga davolash uchun olib borishda muammolar paydo boʻldi. Bunga ham chora koʻrildi. Hozir “Kapalak bolalar”ning Oʻzbekistonda gen dermatozining ixtisoslashgan boʻlimi binosini qurish maqsadga muvofiqdir. Shu maqsadda Sogʻliqni saqlash vazirligining ruxsati bilan Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy dermotovenerologiya va kosmetologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi hududidan yer berildi. Ayni kunlarda bu yerda qurilish davom etmoqda va kelgusi yil butun mamlakat, shuningdek, Markaziy Osiyoning boshqa davlatlaridan bemorlarni qabul qilish imkoniyatiga ega boʻladi.
Gen dermatozini davolash boʻlimining ishga tushirilishi tadqiqot diagnostikasi, GDK (gastroduodenital kasalliklar) boʻlimida simptomatik davolash imkonini beradi. Bu yerda “Kapalak bolalar” NNT vasiyligida boʻlgan bemorlar shifokorlar kuzatuvida boʻladi va ularga psixolog, diyetologlar tomonidan tavsiya beriladi. Maxsus boʻlimni qurishdan oldin bu kabi davolash usulini faqat Moskvada yoki Sankt-Peterburgda oʻtkazish mumkin edi. Bundan tashqari, yangi boʻlimda bemorlarni qiziloʻngachni kengaytirish yoki barmoqlarni ajratish operatsiyalari va boshqa operatsiyalarga tayyorlashadi.
Shifokorlar taʼlimi
Oʻzbekistonda gen dermatozlari ilgari bunday chuqur oʻrganilmagani uchun NNT ixtisoslashgan shifokorlarni oʻqitish uchun barcha saʼy-harakatlarni amalga oshiradi. “Kapalak bolalar” dermatologlari, neonatologlari, genetiklari, reabilitologlari, diyetologlari, onkologlari va jarrohlar zarur ixtisoslashtirilgan adabiyotlar bilan taʼminlangan.
Shifokorlarimiz Ispaniya, Isroil, Xorvatiyada oʻquv kurslarini oʻtab Moskva va Sankt-Peterburgda taʼlim oldi. Xozirgi vaqtda Oʻzbekistonning barcha hududlarida bullyozli epidermoliz boʻyicha oʻz bilimlarini oshirib kelgan shifokorlar faoliyat koʻrsatmoqda.
Shuningdek, “Kapalak bolalar” NNT bullyozli epidermolizdan tashqari koʻpchilikka maʼlum boʻlmagan genetik teri kasalligi – ixtiozga chalingan insonlarni roʻyxatga olishni boshladi. Dastlabki maʼlumotga koʻra, respublikada ixtiozdan aziyat chekayotgan 1000 dan ortiq bemor boʻlishi mumkin va ularga yordam berish rejalashtirilmoqda. Kelgusida tibbiy guruh ularga bepul tibbiy va ijtimoiy yordam beradi.
Karantinda bemorlar parvarishi
Karantin va unga bogʻliq barcha cheklovlarga qaramasdan, “Kapalak bolalar” tashkiloti oʻz vasiyligida boʻlganlarga dori-darmonlarni yetkazib berish, ixtiozdan aziyat chekayotgan bolalar, kattalarni izlash va roʻyxatga olish boʻyicha ishni davom ettirmoqda.
Yoz oyida tashkilot oʻz vasiyligida boʻlganlarga konditsionerlarni sovgʻa qildi. Albatta, undan foydalanishda bemorlar uchun harorat 25 darajadan yuqori boʻlmasligi kerak. Respublika boʻylab NNT shifokorlari patronajni hamda onlayn taʼlim olishni ham davom ettirmoqda.
Yana bir eʼtiborli jihati, joriy yilning avgust oyida Rossiyaning “Deti babochki” jamgʻarmasi hamda “Sanʼat, ilm-fan va sport” xayriya jamgʻarmasi koʻmagida Yevropadan insonparvarlik yuklari qabul qilindi. Qisqa vaqt ichida 1 milliard 400 million soʻmlik dori-darmon vositalari jamlanmasi vasiyligimizdagi tashkilotlar oʻrtasida taqsimlandi.
Oktyabr oyi oʻrtalarida esa Rossiyadan insonparvarlik yuki qabul qilindi. Bu safar NNT bogʻlov vositalari, malhamlar bilan birga bemorlar uchun zarur boʻlgan parvarish kosmetikasi ham yetkazib berildi. Bularning barchasi “Kapalak bolalar” omborida saqlanmoqda. Tez orada NNT xodimlari oʻz vasiyligida boʻlganlar uchun ularni kerakli manzillarga yetkazib beradi.
Tashkilot tomonidan amalga oshirilgan ishlar natijasida neonatologlar uchun ushbu kasallik boʻyicha birinchi uslubiy qoʻllanmani chop etishga ham muvaffaq boʻldik. Kelgusida rejalarimiz yana-da ulkan. Tez orada “Kapalak bolalar” NNT oʻz vasiyligidagi bemorlarni maxsus oziq-ovqat bilan taʼminlashni boshlaydi. Mamlakatimizda ilk bor oʻzbek tilida bullyozli epidermoliz xaqidagi kitobni tarjima qilish va chop etish ustida ish olib borilmoqda. Bu esa tibbiyotimiz uchun muhim yangilik boʻladi, deb oʻylaymiz.
Gulnoza GʻAFUROVA,
“Kapalak bolalar” NNT ijrochi direktori.