Kaolin mahsulotini qayta ishlash kengayadi
Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2022 yil 22 sentyabr kuni Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida viloyatda kaolin xomashyosidan sanfayans, tayyor farfor va keramik mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanilmayotgani qayd etilgan edi.
Shundan so‘ng Angren shahrida qazib olinayotgan kaolin xomashyosini viloyatda chuqur qayta ishlab, farfor va keramika mahsulotlari ishlab chiqarish klasteri “Angren Kaolin”, “Angren avtobus taksi saroyi” va “National Ceramics” MCHJlar tomonidan tashkil etildi. Xususan, klaster tashkil qilish bo‘yicha 3 bosqichli loyihalar ishlab chiqildi. 1-bosqich - korxonaning mavjud 2 va 3-bosqichlarini modernizatsiya qilish va qurish orqali boyitilgan kaolin ishlab chiqarishni 110 ming tonnaga yetkazish, bu orqali qo‘shimcha 70 ta yangi ish o‘rinlari yaratish va eksport hajmini 5,2 million dollarga yetkazish reja qilingan. Loyihaning umumiy qiymati 5 million dollarni tashkil etadi va korxonaning o‘z hisobidan amalga oshirilmoqda. 2-bosqich -tashabbuskorga qarashli bo‘sh turgan bino-inshootlari negizida qiymati 10 million dollarlik, yillik ishlab chiqarish quvvati 12,3 million dona, 350 ta yangi ish o‘rinlik chinnichilik markazi loyihasi amalga oshirilmoqda.
3-bosqichda qiymati 47 millon dollarlik keramika va sanfayans buyumlar ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha Ispaniya, Italiya va Xitoyning sohadagi yetakchi kompaniyalarining to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalari orqali amalga oshiriladi. Hozirgi kunda, “Angren” EIZ hududida Xitoyning yetakchi kompaniyasi tomonidan 30 million dollarlik 350 ish o‘rinlik keramik plitalar ishlab chiqarish loyihasi jarayonlari boshlangan.
Yuqoridagilarga asosan mazkur yo‘nalishda jami 62 million dollar investitsiya kiritiladi, 11 million dollarlik mahsulot eksport qilinadi, 800 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratiladi, 20 dan ortiq turdagi chinni va keramika buyumlari ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yiladi. Muhimi, hududdagi “Mustaqillik”, “Appartak”, “Gulbog‘”, G‘. G‘ulom va “8-mart” mahallalarini ixtisoslashtirgan holda, bugungi kungacha 30 dan ortiq oilalar bilan hokim yordamchilari tavsiyasi bilan shartnomalar tuzishdi. Bunda kooperatsiya usulida xonadonlarga buyurtma asosida korxona uchun maxsus kiyim-kechak, qadoqlash mahsulotlari tikiladi. Chinnichilik markazi bilan kelishuvlarga ko‘ra, hunarmandchilik yo‘nalishida ham kooperatsiya tashkil etilib, ko‘plab fuqarolar ish bilan ta’minlanadi.
A.Musayev, O‘zA