Kann shahrida o‘tkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro festivali g‘oliblari tantanali kutib olindi
Avvalroq, Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilgan 17-xalqaro inklyuziv filmlar kinofestivalida O‘zbekiston kinoijodkorlarining “Qadam. Quyosh bolasi Yusuf” nomli qisqa metrajli filmi eng oliy mukofotga sazovor bo‘lgani haqidagi xabar keng jamoatchilikni quvontirgan edi.
Mazkur xalqaro muvaffaqiyat Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ham alohida e’tirof etilib, “Xalqaro kinofestivalda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan yosh ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoni e’lon qilindi.

Unga muvofiq, Kann shahrida o‘tkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro festivalida Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgan ijodkorlar “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlanishi belgilandi. Ushbu qaror soha vakillari hamda ijodkorlar tomonidan katta mamnuniyat va faxr bilan kutib olindi.
Toshkent xalqaro aeroportida xalqaro kinofestival g‘oliblarini tantanali kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Festival g‘oliblarini Ozodbek Nazarbekov, Prezident Administratsiyasi hamda madaniyat va san’at sohasi vakillari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari, kino ixlosmandlari va ommaviy axborot vositalari xodimlari kutib oldi.

Tadbir davomida g‘oliblarga gullar topshirilib, ularning xalqaro maydondagi yutug‘i alohida e’tirof etildi.
Tadbir davomida Prezident farmoniga muvofiq “Kelajak bunyodkori” medali bilan taqdirlangan kinorejissyorlar Suhrob Qodirov va Dilshodbek Usmonovga mukofotlar vazir Ozodbek Nazarbekov tomonidan tantanali ravishda topshirildi.
Mutasaddilarning ta’kidlashicha, bugungi kunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan mamlakatimizda san’at va madaniyatni rivojlantirish, yosh iste’dodlarni qo‘llab-quvvatlash hamda ularning xalqaro maydondagi ishtirokini kengaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu kabi e’tibor o‘zbek kinosining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Darhaqiqat, Fransiyaning Kann shahrida o‘tkazilgan inklyuziv filmlar xalqaro kinofestivalida o‘zbek kinoijodkorlarining Gran-pri sovrinini qo‘lga kiritgani yurtimizda kinematografiya sohasiga qaratilayotgan e’tibor natijasidir.
N.Usmonova,
O‘zA