Kanadadan AQSHga 20 milliard dollarlik tarif zarbasi
Kanada 8-sentabrdan AQSHdan import qilinadigan qariyb 700 turdagi mahsulotga 15, 25 va 50 foizlik boj joriy etadi. Umumiy qiymat yiliga qariyb 20 milliard dollarga teng. Mazkur chora Vashingtonning Kanada tovarlariga nisbatan yangi tarifiga mos ravishda, dollarma-dollar hisobida belgilangan.
Eng yuqori – 50 foizlik boj po‘lat, alyuminiy, mebel va kiyim-kechakka tatbiq etiladi. Pishloq, maishiy texnika va ayrim dengiz mahsulotlariga 25 foiz, elektronika va asbob-uskunaga 15 foizlik tarif belgilangan. Ro‘yxatga oziq-ovqat, atir-upa, yelim, yog‘och, qog‘oz, gilam va turli sanoat mahsulotlari ham kiritilgan.
Ottava tarif bilan birga 7,5 milliard Kanada dollariga teng yordam paketini ham ishga tushiradi. Bu pul kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash, kompaniyalar aylanma mablag‘ini saqlab qolish va yangi bojdan zarar ko‘rishi ehtimoli mavjud xodimlarga yordam berishga yo‘naltiriladi. Ta’sirga tushgan korxonalarga 2,5-5 million Kanada dollari miqdorida foizsiz kredit ajratiladi. Qarzni qaytarish 36 oydan keyin boshlanadi.
Bu ikki davlat o‘rtasidagi tarif urushi ko‘p yillik ikki ittifoqchi munosabatida keskinlikni yuzaga chiqardi. Vashingtonning so‘nggi chorasi Kanada eksportining taxminan 5 foiziga taalluqli bo‘lsa-da, tahlilchilar yog‘och mahsulotlari kabi allaqachon qiyin ahvolga tushgan ayrim tarmoqlarga zarba kuchli bo‘lishini ta’kidlamoqda. Ottava esa javob tarifi nafaqat mahalliy ishlab chiqaruvchilarni himoya qilish, balki 3-noyabr oraliq saylov oldidan AQSHga siyosiy bosimni kuchaytirish vositasi sifatida ham ko‘ryapti.
Musulmon Ziyo, O‘zA