Kambag‘allikdan chiqarishning “Sarmazor” tajribasi
Hayotda, kimdir to‘kis, kimdir muhtojlikda. Ammo O‘zbekiston ijtimoiy davlat. Qonunlar ham, qadriyatlar ham ehtiyojmand odamlarni tashlab qo‘ygan emas.
O‘zbekiston Prezidenti mahallalarda “yettilik” tuzdi, ularning huquqlarini kengaytirdi, tashabbuslarini qo‘lladi. Mana, bu tizim o‘zining samarali natijasini bera boshladi.
Qo‘shtepa tumanidagi Sarmazor mahallasida 1253 ta xonadon bo‘lib, ularda 1950 ta oila, 6570 nafar aholi yashaydi. Hatto bir yil avval ham kambag‘al oilalar, ishsizlar ro‘yxati kattagina edi.

– 2024 yil 1 yanvar holatiga Sarmazor mahallasida 352 nafar ishsiz aniqlangan edi. Ularning bandligini ta’minlash maqsadida 50 ta investitsiya loyihasini shakllantirganmiz, – deydi “Sarmazor” MFY dagi hokim yordamchisi Saidolimxon Nuriddinov. – Ularning ishga tushishi natijasida 660 dan ziyod ish o‘rni yaratishni rejalashtirganmiz. Hozirgacha 37 ta loyiha ishga tushdi va 558 ta ish o‘rni paydo bo‘ldi.
Hozir Sarmazor mahallasi uncha-muncha sanoatlashgan hudud yoki kichik sanoat zonasidan kam emas.

– Yuzdan ortiq tadbirkor bor. Undan tashqari yuzga yaqin hunarmand bor. Mahallaning drayveri – kosibchilik hisoblanadi. Yil boshida 20 nafar kambag‘al oila bor edi. 12 tasini kambag‘allikdan chiqardik, – deydi “Sarmazor” MFY raisi Jahongir Abrorov.

Mahallada oilalarni kambag‘allikdan chiqarish, yangi ish o‘rni yaratish uchun barcha imkoniyat ishga solindi. Iqtidori borlar qo‘llab-quvvatlandi, kasbi yo‘qlar o‘qitildi, shogird qilib biriktirildi. Ish boshqaruvchi Mahfuza Po‘latovaning aytishicha, “MP TEKS” mas’uliyati cheklangan jamiyati mahalladagi 3-4 ta tikuvchini birlashtirishdan boshlangan. Hozir bu yerda 100 dan ziyod mahallaning ayol-qizlari ishlamoqda.
– Sarmazor mahallasida yashayman. Ikki nafar farzandim bor. Farzandim bog‘chaga chiqqach, uyda bekor o‘tirmaslik uchun mahallamizda ochilgan sexga ishga kirdim. Uch oydan buyon ishlayapman. Sharoit yaxshi. Issiq ovqat berishadi. Ish haqini vaqtida olamiz, – deydi tikuvchi Mohichehra Nurmatova.

Bugun mahalladagi sanoat korxonasiga aylangan “MP TEKS” yana ikki jihati bilan tilga tushdi. Birinchisi, uning mahsulotlari, ya’ni Sarmazor mahallasi ayollari tikayotgan kiyimlar endi eksport qilinmoqda. Ikkinchidan, mahalla korxonasiga xorijlik tadbirkor ishonch bilan hamkorlik qilishga keldi.
– Men Pokistondan keldim, – deydi Usmon Muhammad. – Qo‘shtepa tumanidagi bir mahallada tashkil etilgan korxonada ishlayapman. O‘zbekiston paxta tolasini sotishni cheklab qo‘ygach eng quyida, aholi yashash joylarida shu kabi korxonalar ochilgani quvonchli voqea.
Bunisi “Malika poyafzal” MCHJ. Bu yerda oyoq kiyimlari, ular uchun tagliklar ishlab chiqarilyapti. Bu ham mahallada tashkil etilgan korxonalarning biri.
– Ikki smenada ishni yo‘lga qo‘yganmiz. 80 da ortiq ishchi xodim mehnat qiladi. Bir oyda 120 mingdan ortiq poyafzal ishlab chiqaramiz, – deydi “Malika poyafzal” MCHJ ish yurituvchisi Shavkatjon Xalilov.

Shavkatjon kamtarlik bilan tilga olgan raqamlarga yana e’tibor qiling: 80 dan ortiq ishchi, 10 turdagi mahsulot, bir oyda 120 ming juft poyafzal. Aslida bu raqamlar mahalladagi oilalar farovonligi, yoshlar bandligi, soliq tushumlari deganidir.
Azizbek Tohirov qisqa vaqt ichida o‘qib, o‘rganib dizayner bo‘ldi. Atrofiga mahallaning yosh, iqtidorli yigitlarini to‘pladi va “ZAMIN BARAKA” kichik korxonasini ochdi. Dastlab mebelsozlarga dizayn chizib berdilar. So‘ngra mahalla hududidagi bo‘sh yerni olib, mebel to‘plamlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishdi.
– Hozirgi kunda 5400 tadan ziyod mijozimiz bor. Andijon, Namangan viloyatlaridan ham buyurtmalar bajaryapmiz, – deydi dizayner-tadbirkor Azizbek Tohirov.

Sarmazor mahallasida o‘nga yaqin shular kabi kichik korxonalar tashkil etishga erishdilar. Sutni qayta ishlash, mebelsozlik, to‘qimachilik... har birida avvalo mahalla ahli mehnat qilyapti.
– Fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida “Biznesga birinchi qadam” loyihasi asosida “Biznesni rivojlantirish banki”dan 7 nafar aholiga kafilliksiz 100 mln.so‘mdan kredit olib berdik. Undan tashqari “Oilaviy tadbirkor” dasturi asosida 33 mln.so‘mgacha 20 dan ortiq fuqaroga kredit olishga erishdik. Ular o‘zlariga tikuv mashinalari, motokultivator, bog‘dorchilik, chorvachilik, issiqxona kabi yo‘nalishlarni tashkil etdi. Shunday yo‘llar bilan kambag‘allikdan chiqarishni amalga oshiryapmiz, – deydi Saidolimxon Nuriddinov.
Mahliyoxon Soliyevaga 33 mln.so‘m imtiyozli kredit berildi. Unga sog‘in sigir va bir juft novvos sotib oldi. Endi xonadon o‘zidan ortgan sutni qo‘ni-qo‘shnisiga sotadi. Novvoslar esa kun sayin tana qo‘yyapti.
Ha, darvoqe, Mahliyoxonga motopompa – yer yumshatgich ham sovg‘a qilindi. Endi o‘zi va mahalladagi xovlilardagi kichik maydonlarni kultivatsiya qilib yana qo‘shimcha daromad ko‘rishi mumkin.
Bu ko‘cha va undagi xonadonlar egarchilikka ixtisoslashdi. Har bir oila egarning bir qismini yasaydi. So‘ng u yig‘iladi va bozorga olib chiqiladi. Aslida ular buyurtma asosida ishlamoqda. Surxondaryo va Qashqadaryodan doimiy xaridorlari bor.
Hullas, gapirgani gap, ko‘rsatgani manzil, bo‘lishgani tajriba ko‘p Sarmazorda. Yaxshisi, siz bularni o‘z ko‘zingiz bilan ko‘rgani Farg‘onaning Qo‘shtepasiga keling.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/UQ6mvlgNilk?si=a7j2kGt9wSKRJbqu" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov,Elyor Olimov(surat,video),
O‘zA muxbirlari