Kambag‘allikdan chiqarishdagi sa’y-harakatlar davom etmoqda
Qaror va ijro
Toshkent viloyati mahallalarida kambag‘allikni qisqartirish, aholini ish bilan ta’minlash va ularning daromadini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar o‘z samarasini bermoqda.
Ayniqsa, joylarda mas’ul rahbarlarning o‘rganishlari, “Mahalla yettiligi” faoliyati boshlaganidan so‘ng bu boradagi ishlar ancha jadallashdi. Mutaxassislarning ma’lumotiga ko‘ra, 2024 yilda bandlik dasturi bo‘yicha belgilangan rejalar bajarilgan. Ishsizlik darajasi viloyat bo‘yicha 5,1 foizni tashkil etdi. Ammo, Bo‘ka, Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on va Bekobod tumanlarida bu ko‘rsatkich yuqoriligicha qolmoqda. Ayniqsa, “Kambag‘allikdan – farovonlik sari” davlat dasturi bo‘yicha 7 ta yo‘nalishda 39,1 ming nafar aholining daromadi tiklanib, kambag‘allik darajasi tushirildi.
Xususan, Prezidentimizning 2024 yil 9 yanvaridagi “2024 yilda yangi ish o‘rinlarini tashkil etish va aholi bandligiga ko‘maklashish dasturi to‘g‘risida”gi qaroriga asosan O‘rta Chirchiq tumanida ham o‘tgan yil 31 ming 667 nafar aholi doimiy, mavsumiy va vaqtinchalik ish bilan ta’minlandi. Masalan, bu tumandagi “Mustaqillik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Maftuna Dehqonboyeva “Ayollar daftari” ro‘yxatiga kiritilgan edi. Unga “Mahalla yettiligi” tavsiyasi bilan ikkita tikuv mashina subsidiya asosida berildi. U o‘zi kabi uyda o‘tirgan ishsiz ayollarni jalb qilgan holda oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, kattalar va bolalar uchun mavsumiy kiyimlar tikmoqda. Ayni kunlarda ular o‘z mahsulotlarini viloyatdagi 7 tadan ziyod mahalliy bozorlarga yetkazib berib, yaxshi daromad ko‘rmoqda.
– Ayrim sabablarga ko‘ra, turmushimdan ajrashdim va ikki nafar farzandimni o‘zimni boqishimga to‘g‘ri kelyapti, – deydi M.Dehqonboyeva. – Tikuvchilikni onamdan o‘rganganman. Mahallamiz yettiligi sharoitimni yaxshilashga yordam berdi. Hozir ishimiz yurishib ketgan. Oyiga 9 ming donagacha turli andozadagi kiyimlar tayyorlash imkoniga egamiz. Mahsulotlarimiz arzon, xaridorlar ham ko‘paymoqda.
Robiya Rahimova “Kim Pen Xva” MFYda yashaydi. 2021 yilda u IELTS xalqaro darajasidan 6,5 ball olib, Toshkent shahridagi Vebster universiteti talabasi bo‘ldi. O‘shandan boshlab u hududdagi bolalarga xonadonida ingliz tilidan mashg‘ulot o‘tadi. Bu orqali u topayotgan daromadini oilasi, o‘qishi va faoliyatini kengaytirishga sarflamoqda. Mahalladagi yoshlar yetakchisining tavsiyasi bilan bu harakatchan qizga subsidiya asosida kompyuter jamlamasi berildi.
– Hozirda nafaqat shaharlar, balki qishloqlarda ham o‘quvchilar maktabdan tashqari qo‘shimcha o‘quv kurslarida shug‘ullanishga intiladi. Biroq hamma ham markazlardagi nufuzli muassasalarga qatnab, bilim ololmaydi. Shu tufayli biz o‘z mahallamizda bolalarga ingliz tili kurslarini ochdik. Besh nafar o‘quvchimiz B2 sertifikatini qo‘lga kiritgan. Ular orasida oliygoh talabalari ham bor. Kelgusida faoliyatimizni kengaytirishni maqsad qildim, – deydi Robiya Rahimova.
Joriy yil yakunigacha hududda kambag‘al oilalarni kamaytirish choralari ko‘riladi. Birinchi galda ularni to‘liq xatlovdan o‘tkazish orqali taklif va istaklari inobatga olinadi, 5 ming 625 ta xizmatlar paketi shakllantiriladi. Xususan, bu toifadagi aholining 2 ming 250 nafari ish bilan ta’minlanadi, 281 nafari mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasblarga o‘qitiladi, 1 ming 856 nafariga kafolatlangan tibbiy xizmat hamda 1 ming 238 nafariga esa boshqa turdagi ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatiladi.
Viloyat miqyosida esa 612 ming nafar aholining bandligini ta’minlash, 25,3 mingta oiladagi 115,7 ming nafar aholini kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha tuman-shaharlar rahbarlari mas’ulligida rejalar ishlab chiqildi.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/xw9qtMKLBEw" title="Qaror va ijro: Kambag‘allikdan – farovonlik sari” davlat dasturi amalda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>A.Musayev, A. Alijonov (surat, video), O‘zA.