Kadrlar xizmati xodimlari malaka oshirdi
Davlatimiz rahbaring joriy yil 15-16 aprel kunlari Samarqand viloyatiga tashrifi davomida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi Samarqand viloyat filiali tomonidan quyi bo‘g‘in rahbarlari, ya’ni davlat organlari va tashkilotlari hamda oliy ta’lim muassasalaridagi kadrlar bo‘limi boshliqlari va mutaxassislariga viloyatdagi sohaviy oliygohlarning professor-o‘qituvchilarini, davlat organlari va tashkilotlaridan malakali amaliyotchi mutaxassislarni jalb etgan holda Davlat boshqaruv akademiyasining Samarqand hududiy filialida malaka oshirish o‘quv kurslari tashkil etildi.
Bir haftalik o‘quv dasturiga asosan Davlat boshqaruv akademiyasi Samarqand hududiy filialida viloyat boshqarmalari hamda oliy ta’lim muassasalari kadrlar xizmati rahbarlari va mutaxassislariga o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazildi.
Malaka oshirish kursi davomida zamon talablari asosida belgilangan normativ hujjatlarga muvofiq, inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratildi. Munosib kadrlarni tanlash va saralash, lavozimga tayinlash bo‘yicha bilim va ko‘nikmalar oshirildi.
Bu o‘quvlar hududdagi inson resurslarini boshqarish va rivojlantirish sohasida muhim qadamlardan biri deyish mumkin. Chunki zamon shiddat bilan rivojlanmoqda. Davr talabi intellektual bilimli, yetuk zamonaviy kadrlarga ehtiyoj kattaligini ko‘rsatmoqda. Binobarin inson resurslari xalqaro makroiqtisodiy ko‘rsatgichlarda ham muhim omil sifatida qaraladi.
Inson resurslari hech qachon eskirmaydigan, o‘z qadrini yo‘qotmaydigan, takomillasha oladigan, rivojlantirish imkoniyati yuqori bo‘lgan resurslardan biri desak yanglishmagan bo‘lamiz. Inson kapitaliga investitsiya kiritish texnologik rivojlanish davri uchun sog‘lom, zamonaviy bilimga ega hamda muammoli vaziyatlarga moslashuvchan yangi avlodni tayyorlashga ko‘maklashib, kreativ fikrlaydigan avlodni yetishtirishda muhim omil sifatida xizmat qiladi. Chunki insoni inson orqali boshqarish juda nozik va murakkab jarayondir.
Navro‘zbek Rajabov,
Samarqand veterinariya meditsinasi instituti
xodimlar bo‘limi boshlig‘i
O‘zA.