Kadrlar salohiyatini oshirish – muhim masala
Bugun Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan anjuman “O‘zmetkombinat” AJda zaxira kadrlar tayyorlash, xodimlar malakasini baholash va o‘qitish yuzasidan olib borilayotgan ishlar tahliliga bag‘ishlandi.
Unda “O‘zmetkombinat” AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sanjar Madiyorov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Aksiyadorlik jamiyati faoliyatida kadrlar salohiyatini oshirish muhim masala. Shundan kelib chiqib, HR-departamenti tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida rahbarlar va xodimlar salohiyatini baholash bo‘yicha qator tadbirlar tashkil etildi.
Ushbu tadbirlar natijasida shaxsiy rivojlanish rejalari va o‘qitish dasturlari ishlab chiqildi. G.I.Nosov nomidagi Magnitogorsk davlat texnika universiteti, O‘zbekiston Respublikasi Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi qoshidagi Tog‘-kon va geologiya sohasi xodimlari malakasini oshirish instituti bilan hamkorlikda o‘quv kurslari o‘tkazildi.
[gallery-14316]
Shuningdek, muhandis, rahbar lavozimlarga zarur bo‘lgan kadrlar zaxirasini shakllantirish uchun oliy ta’lim muassasalarining sirtqi bo‘limlarida bakalavr bosqichida 224 nafar xodim, magistr bosqichida 10 nafar xodim tahsil oladi. Ushbu xodimlar uchun rotatsiya va stajirovkalar tashkil etilgan. Bundan tashqari, 7 nafar xodim mustaqil izlanuvchi sifatida tayanch doktoranturada o‘qimoqda.
Kombinatning texnik va texnologik xodimlarning kasbiy kompetensiyalarni rivojlantirish dasturlari asosida ham kadrlar malakasi oshirilayotir.
Raqamlarga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, 2023 yilning 10 oyi davomida 2 ming 376 nafar xodim uchun o‘quv kurslari tashkil etilgan. Bunda yillik reja 2904 ta bo‘lib, ayni chog‘da bu ko‘rsatkich 81,8 foizdir. Shuningdek, yosh mutaxassislarni yetishtirish va ishchi kadrlar zaxirasini shakllantirish bo‘yicha oliygoh va kasb-hunar maktablari bilan hamkorlik shartnomalari tuzilgan. Unga ko‘ra, 2023 yilning 10 oyida 132 nafar OTM talabasi va 470 nafar kasb-hunar maktabi ӯquvchisi uchun amaliyotlar o‘tkazilgan.
N. Ziyodullayeva, O‘zA