Kadenabbiyada Markaziy Osiyodagi mintaqaviy yaqinlashuv jarayonining barqarorligini ta’minlash yo‘llari muhokama qilindi
Joriy yilning 18-sentabr kuni Italiyaning Kadenabbiya shahridagi Konrad Adenauer nomidagi jamg‘armaning Siyosat, iqtisodiyot va san’at sohasidagi xalqaro uchrashuvlar markazida “Global o‘zgarishlar sharoitida Markaziy Osiyo: milliy strategiyalar, mintaqaviy xavfsizlik va yangi hamkorlikni shakllantirish” mavzusidagi xalqaro ekspertlar uchrashuvi o‘z ishini yakunladi.
Unda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston delegatsiyalari ishtirok etmoqda. Delegatsiyalar tarkibidan parlamentlar, tashqi siyosat idoralari, ekspert va media hamjamiyatlari vakillari o‘rin olgan.
Tadbirning birinchi kunida asosiy e’tibor xalqaro tartibotdagi o‘zgarishlar, tashqi aloqalarni diversifikatsiya qilish, transport bog‘liqligi va mintaqaviy xavfsizlik masalalariga qaratildi. Ikkinchi kun muhokamalarida esa Markaziy Osiyoda erishilgan yaqinlashuvning barqarorligi va ortga qaytmasligini ta’minlash, shuningdek, uning keng ijtimoiy tayanchini shakllantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Asosiy e’tibor integratsiya jarayonlarida inson omilining o‘rni, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va mushtarak mintaqaviy o‘ziga xoslikni shakllantirishga qaratildi.
O‘zbekiston delegatsiyasi taqdim etgan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona tinchlik forumini ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi doimiy xalqaro maydon sifatida rivojlantirish tashabbusi tadbirda alohida o‘rin egalladi. Forum muloqot madaniyatini qaror toptirish, jamoatchilik va mintaqalararo aloqalarni kengaytirish, shuningdek, Farg‘ona vodiysining tinchlik va barqaror rivojlanish makoni sifatidagi salohiyatini ro‘yobga chiqarishga ko‘maklashishga qaratilgani qayd etildi.

“Farg‘ona tinchlik forumi: Farg‘ona vodiysida ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga xizmat qiluvchi yangi doimiy platforma” mavzusidagi taqdimot bilan so‘zga chiqqan SMTI direktorining birinchi o‘rinbosari Akramjon Ne’matov davlatlararo hamkorlikni yanada rivojlantirish bilan bir qatorda, yaxshi qo‘shnichilikning yangi muhitini bevosita mintaqa jamiyatlarida qaror toptirish, mintaqaviy hamkorlikning ko‘lami va mazmunini kengaytirish hamda uning ijtimoiy tayanchini mustahkamlash muhimligini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, Forum amaliy hamkorlikni kengaytirish, Farg‘ona vodiysining yangi o‘sish nuqtalari va barqaror rivojlanish omillarini birgalikda izlash uchun keng qamrovli maydonga aylanishi lozim.
Farg‘ona tinchlik forumining birinchi yig‘ilishi 2025-yil 15–16-oktabr kunlari Farg‘ona shahrida o‘tkazilib, unda 300 dan ortiq ishtirokchi qatnashdi. Uning yakunida Forumni mezbon tomon navbatma-navbat almashib boradigan doimiy xalqaro platforma sifatida institutsionallashtirishga chaqiruvchi qo‘shma kommyunike qabul qilindi.
“Farg‘ona forumi bir martalik tadbir emas, balki siyosiy darajada erishilgan ishonchni jamiyatlar va chegaraoldi hududlari o‘rtasidagi barqaror hamkorlikka aylantiradigan doimiy jarayon bo‘lishi kerak”, – deya ta’kidladi A. Ne’matov.
Bu boradagi ishlar amaliy jihatdan davom ettirilmoqda. 2026-yilda Farg‘ona shahrida Forum shafeligida tinchlikni barpo etish bo‘yicha xalqaro yoshlar seminari o‘tkazildi. Unda Markaziy Osiyo mamlakatlari yoshlari mediatsiya, muzokaralar olib borish va nizolarning oldini olish ko‘nikmalarini o‘zlashtirdi.
Platforma faoliyatiga BMT, YXHT, shuningdek, PeaceNexus, Gumanitar muloqot markazi, Martti Axtisaari nomidagi Tinchlik jamg‘armasi, Bergxof jamg‘armasi kabi tinchlikparvar tashkilotlar va boshqa xalqaro tuzilmalar jalb etilmoqda.
Keyingi bosqichda Forumning navbatdagi yig‘ilishi shu oyning oxirida Xo‘jand shahrida o‘tkaziladi. Joyning tanlanishi alohida ramziy ahamiyatga ega: aynan shu yerda 2025-yil 31-mart kuni O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston yetakchilari eng murakkab chegara masalalarini tartibga solish jarayonini yakunlash bo‘yicha tarixiy kelishuvlarga erishgan edi.
A. Ne’matov 2026-yil 20-may kuni BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan “Chegara nizolarini tinch yo‘l bilan hal etish” rezolyutsiyasiga alohida e’tibor qaratdi. Qirg‘iziston tomonidan Tojikiston va O‘zbekiston bilan birgalikda ilgari surilgan hujjat 40 ta hammuallif davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. “Ushbu hujjatning ahamiyati chegara masalalari mavzusidan ancha keng. U Markaziy Osiyoda eng murakkab masalalarni tinch yo‘l bilan hal etish borasida to‘plangan tajriba xalqaro miqyosda e’tirof etilayotganini va davlatlararo nizolarni bartaraf etishning muvaffaqiyatli modeli sifatida qiziqish uyg‘otayotganini tasdiqlaydi”, – dedi SMTI vakili.
Ekspert Farg‘ona vodiysida yuz berayotgan o‘zgarishlar mahalliy istisno emas, balki yaxshi qo‘shnichilik va birgalikda rivojlanishga qaratilgan umummintaqaviy tendensiyaning ifodasi ekanini ta’kidladi. Chegaralarning tartibga solinishi, transport aloqalarining tiklanishi, savdo va odamlar o‘rtasidagi aloqalarning kengayishi butun Markaziy Osiyoda ishonch va o‘zaro bog‘liqlikni mustahkamlashga qaratilgan kengroq jarayonning tarkibiy qismi ekanligi qayd etildi.
Bu jarayon ayniqsa Farg‘ona vodiysida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Bir paytlar murakkab va tarqoq hudud hisoblangan vodiy tobora birgalikda rivojlanish va amaliy yaxshi qo‘shnichilik makoniga aylanmoqda.
O‘zbekiston delegatsiyasining yana bir muhim hissasi Markaziy Osiyo mintaqaviy o‘zligini shakllantirish va mustahkamlash konsepsiyasi loyihasining taqdim etilishi bo‘ldi.
SMTI yetakchi ilmiy xodimi Shahlo Hamroxo‘jayeva gap tayyor milliy model haqida emas, balki butun mintaqaning mushtarak intellektual mahsuloti haqida borayotganini ta’kidladi.

Hujjatni ishlab chiqishga Markaziy Osiyoning barcha davlatlaridan ekspertlar – davlat va tahliliy tuzilmalar, universitetlar, ilmiy doiralar hamda fuqarolik jamiyati vakillari jalb etildi. Loyiha Markaziy Osiyo ekspertlar forumi, Termiz muloqoti, Toshkent va Bishkekdagi ishchi uchrashuvlarda, shuningdek, Farg‘ona tinchlik forumi doirasida yoshlar bilan muhokama qilindi.
“Biz uchun Konsepsiya Markaziy Osiyo mamlakatlari va jamiyatlarining hammuallifligi mahsuliga aylanishi, har bir davlat unda o‘z qadriyatlari, manfaatlari va kelajak haqidagi qarashlarini ko‘rishi prinsipial ahamiyatga ega”, – dedi Sh. Hamroxo‘jayeva.
Konsepsiyaning asosiy maqsadi — erishilgan yaqinlashuv nafaqat davlatlararo kelishuvlar, balki odamlarning kundalik tajribasi orqali ham mustahkamlanishi uchun mintaqaviy hamkorlikning keng ijtimoiy tayanchini shakllantirish. Bunda mintaqaviy o‘ziga xoslik har bir davlatning suvereniteti, milliy o‘zligi, madaniy xilma-xilligi va mustaqil tanloviga to‘liq hurmat saqlangan holda, Markaziy Osiyoning tinchligi, farovonligi va kelajagiga daxldorlik hamda umumiy mas’uliyat hissi sifatida tushuniladi.
Shu bilan birga, Sh. Hamroxo‘jayevaning so‘zlariga ko‘ra, umumiy mintaqaviy o‘ziga xoslik birgalikdagi sa’y-harakatlarning amaliy resursiga aylanishi, ya’ni umumiy tahdidlarga birgalikda javob berish va Markaziy Osiyo oldida ochilayotgan strategik imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish uchun mintaqa mamlakatlarining intellektual, insoniy va ijtimoiy salohiyatini birlashtirishga ko‘maklashishi lozim.
Konsepsiya o‘zaro bog‘liq uch tayanch — umumiy madaniy-tarixiy meros, hamkorlikning zamonaviy tajribasi va kelajak haqidagi umumiy qarash asosida qurilgan. Mintaqa xalqlarining ko‘p asrlik mushtarak tarixi, birga yashash, o‘zaro ko‘maklashish va bugungi yaqinlashuv tajribasi o‘zaro hurmat, yaxshi qo‘shnichilik, birdamlik, umumiy kelajak uchun mas’uliyat, ochiqlik va xilma-xillikni e’tirof etish kabi umumiy qadriyatlarni shakllantirgani ta’kidlandi. Aynan shu qadriyatlar Markaziy Osiyoning kelajagi haqidagi mushtarak qarashning asosini tashkil etishi lozim.
Bunda asosiy e’tibor uyg‘unlashtirishga emas, balki haqiqiy aloqalarni - ta’lim, yoshlar, madaniy, mintaqalararo va iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga qaratilmoqda.
“Mintaqaviy o‘ziga xoslik barchamiz bir xil bo‘lishimiz kerakligini anglatmaydi. Uning formulasi oddiy: kuchli milliy o‘ziga xoslik va mintaqa uchun mushtarak mas’uliyat. Yanada jipslashgan Markaziy Osiyo har bir davlatning imkoniyatlarini kengaytiradi”, – deya ta’kidladi SMTI vakili.
Muhokamalar davomida Konsepsiyani yanada takomillashtirishda Yevropa Ittifoqi va dunyoning boshqa mintaqalari tajribasini begona modellarni ko‘chirib olmasdan, balki foydali amaliyotlarni Markaziy Osiyoning tarixiy, madaniy va siyosiy xususiyatlarini hisobga olgan holda qo‘llash muhimligi qayd etildi.
Umuman olganda, ikki kunlik muhokamalar Markaziy Osiyoda mintaqaviy hamkorlikning navbatdagi bosqichi yuzasidan umumiy tushuncha shakllanayotganini ko‘rsatdi: siyosiy ishonch va iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlikni yanada mustahkamlash bilan bir qatorda, ijtimoiy o‘lchov – odamlar, hududlar va fuqarolik jamiyatini yaqinlashuv jarayonlariga jalb etish tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ishtirokchilar siyosiy ishonch, iqtisodiy o‘zaro bog‘liqlik, umumiy mas’uliyat va jamoatchilik qo‘llab-quvvatlovining uyg‘unligi nafaqat mintaqaviy hamkorlikka barqaror va ortga qaytmas tus berishi, balki mavjud tahdidlarga birgalikda javob qaytarish hamda rivojlanish uchun yangi imkoniyatlarni ro‘yobga chiqarish yo‘lida Markaziy Osiyo mamlakatlari resurslarini birlashtirishi mumkin, degan yakdil fikrga keldi.
Shu tariqa, Markaziy Osiyoning mustaqil tinchlik, yaxshi qo‘shnichilik va birgalikda rivojlanish makoni sifatidagi sub’ektligi mustahkamlanmoqda.
O‘zA