Kadastr tizimida korrupsion holatlarning oldi olinmoqda
Davlat kadastrlari palatasi Surxondaryo viloyati boshqarmasida “Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi” doirasida tadbir tashkil etildi.
Bugungi kunda yurtimizda korrupsiyaga qarshi kurashishga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Buni so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan normativ-huquqiy hujjatlar, korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ma’muriy islohotlar misolida ham ko‘rish mumkin.
9 dekabr – Butunjahon korrupsiyaga qarshi kurashish kuni oldidan tashkil etilgan tadbirda Davlat kadastrlari palatasi raisi o‘rinbosari A. Yunusov, viloyat IIB Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimi Sh. Narzullayev, Kadastr palatasi viloyat boshqarmasi boshlig‘i Sh. Shaymardonov, Kadastr agentligi va Davlat kadastrlari palatasi viloyat boshqarmalari xodimlari ishtirok etdi.
Yig‘ilish davomida korrupsiyaga qarshi kurash borasida joriy qilingan yangi mexanizmlar, korrupsion holatlarga sabab bo‘luvchi omillarni erta aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar atroflicha muhokama etildi. Bo‘lim va filial rahbarlarining korrupsiyaga qarshi kurash yo‘nalishidagi faoliyatga tatbiq qilish mumkin bo‘lgan takliflari tinglandi.
[gallery-14867]
Yig‘ilishda har bir xodim o‘z vazifasiga vijdonan yondashgan holda faoliyat yuritishi hamda vazifasini suiste’mol qilmasligi uqtirildi. Korrupsiya nafaqat har bir tizimni, balki uni sodir qilgan insonning oilasini ham yemirishi mumkinligi ta’kidlandi.
– Korrupsiya hozirgi kunda transmilliy holat hisoblangani bois, butun dunyo hamjamiyatiga xavf tug‘dirmoqda, – deydi Davlat kadastrlari palatasi viloyati boshqarmasi matbuot kotibi Behruz Safarov. – Kadastr tizimida ham korrupsiyaning oldini olish choralarini ko‘rish, uni keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan sabab va sharoitlarni barvaqt aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha samarali tizimni shakllantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Tizim xodimlari o‘rtasida korrupsion va boshqa qonunbuzilish holatlariga yo‘l qo‘ymaslik, ichki tartib-qoidalariga rioya etilishi yuzasidan muntazam ravishda targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilayotir. Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida xodimlar va fuqarolar bilan 8 ta turli yo‘nalishdagi profilaktik tadbir va 44 ga yaqin davra suhbati tashkil etilib, korrupsion jinoyat oqibatlari xususida atroflicha tushuntirishlar berildi.
O‘zA fotomuxbiri Jonibek QO‘ZIMURODOV olgan suratlar