Kadastr organi xodimlari bilan ochiq muloqot
Xorazm viloyati ma’muriy sudi tomonidan Davlat kadastrlari palatasining viloyat boshqarmasida sohada qonunchilikni to‘g‘ri qo‘llash, korrupsiyaning oldini olish va nizolarni sudgacha bo‘lgan bosqichda hal etish mavzusida ochiq muloqot o‘tkazildi.
Unda viloyat ma’muriy sudi raisi, sudyalari, viloyat prokuraturasi vakillari hamda kadastrlar palatasining viloyat boshqarmasi xodimlari va tuman bo‘limlari boshliqlari ishtirok etdi.
Muloqotlarda sud-huquq tizimidagi so‘nggi yangiliklar hamda “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan vazifalar yuzasidan tushuntirishlar berildi.


Tadbirda viloyat ma’muriy sudi raisi Jamila Sultonova so‘zga chiqib, sudyalar kadastr organlari faoliyatida qonunchilik talablariga qat’iy rioya qilish va korrupsiyaning oldini olishning ahamiyatiga alohida to‘xtalishdi.
Shuningdek, ma’muriy sudlarda kadastr organlari mansabdor shaxslarining qarorlari va xatti-harakatlari bilan bog‘liq ko‘rilayotgan nizolar tahlil qilindi.

Urganch tumanlararo ma’muriy sudiga joriy yilning birinchi yarmida mazkur toifadagi 132 ta ariza (shikoyat) kelib tushgan. Bu o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24 foizga kamaygan. Shu davrda kadastr organlariga 14 ta xususiy ajrim chiqarilgan. Biroq, bu boradagi ishlarimizni yanada jadallashtirib, qonunchilik normalariga qat’iy rioya etishimiz lozim, – dedi Jamila Sultonova.
Muloqot yakunida ishtirokchilarning savollariga javob berilib, bunday uchrashuvlar qonunchilikni bir xil qo‘llash va nizolarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.
Ahmadjon Shokirov,
O‘zA muxbiri