Kadastr agentligiga Kengash so‘rovi yuboriladi
Xalq deputatlari Samarqand viloyat Kengashining bugun o‘tkazilgan o‘n ikkinchi sessiyasida shunday qarorga kelindi.
Viloyat Kengashi raisi Shuhrat Negmatov boshqargan sessiyada o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi masala muhokamasi chog‘ida deputatlar bu gal vakolatli organlarning Bulung‘ur, Kattaqo‘rg‘on, Oqdaryo, Jomboy, Payariq, Narpay va Paxtachi tumanlaridagi 44 ta yer uchastkasi va bino, inshootlarga bo‘lgan ijara hamda mulk huquqlarini e’tirof etdilar. Lekin viloyatda e’tirof etilishi kerak bo‘lgan yer uchastkalari va ob’ektlari juda ko‘p bo‘lgani holda bu jarayon sust ketayotganini qayd etib, xatlov ishlarini olib borish uchun qo‘shimcha kuch va vositalarni jalb qilish zarurligini ta’kidladilar. Shuning uchun ushbu masalada Kadastr agentligiga Xalq deputatlari viloyat Kengashining so‘rovini yuborish hamda viloyat hokimiga taklif bilan chiqishga qaror qilindi.
Bundan avval, 10 aprel kuni o‘tkazilgan sessiyada 30 ta yer va mulkka nisbatan huquq e’tirof etilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kadastr organlari tomonidan o‘tkazilgan dastlabki xatlov natijalari Samarqand viloyatida 400 mingdan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga nisbatan huquqlari e’tirof etilmaganini ko‘rsatdi. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan viloyat bo‘yicha 58 ta mahallada jami 21 dan ortiq ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlov yo‘li bilan texnik inventarizatsiyadan o‘tkazilib, ularning elektron xaritalari yaratilgan. Viloyat bo‘yicha jami 13089 ta ob’ekt UZCAD axborot tizimida elektron yig‘majild shakllantirish uchun migratsiya qilinib, ulardan 9851 tasi faollashtirildi hamda 7432 ta ob’ekt haqidagi ma’lumotlar “E’tirof” axborot tizimiga kiritilgan.
G‘.Hasanov, O‘zA muxbiri