Kabisa yili qayerdan kelib chiqqan?
2020-yil kabisa yili ekanidan xabaringiz bor. Odatda har toʻrtinchi yil, toʻrtga qoldiqsiz boʻlinadigan yillar kabisa yili boʻlishini ham yaxshi bilamiz.
2020-yil kabisa yili ekanidan xabaringiz bor. Odatda har toʻrtinchi yil, toʻrtga qoldiqsiz boʻlinadigan yillar kabisa yili boʻlishini ham yaxshi bilamiz.
Bu yilda boshqa yillardagidan farqli oʻlaroq, fevral oyi 29 kun boʻladi. “Kabisa” soʻzi arabcha “kabasa” – yaʼni “chuqurni toʻldirish” feʼlidan olingan boʻlib, istilohda “toʻldiruvchi” degan maʼnoni anglatadi.
Oʻtmishga nazar tashlaydigan boʻlsak, eramizdan avvalgi 45 yilning 1-yanvar sanasidan boshlab, Rim hukmdori Gay Yuliy Sezarning farmoniga binoan Sozigen boshchiligidagi iskandariyalik astronomlar tomonidan maxsus yil hisobi – taqvim yaratiladi. Unga koʻra, bir astronomik yil taxminan 365,25 kun (365 kun, 6 soat) deb belgilanadi. Bu taqvim Sezar sharafiga Yulian taqvimi deb nomlangan.
Odatda, har toʻrt yilda “olti soatlik” qoldiqlar toʻplanib bir kunni tashkil qilgan. Biroq, dastlab shu bir kunlik farqni yoʻqotish uchun har uchinchi yilga bir kun qoʻshib berilgan. Yaʼni, ikki yil 365 kundan, uchinchi yil 366 kunga teng deb belgilangan. Bu qoʻshimcha kun Rim taqvimidagi oxirgi oy – fevralga qoʻshib berilgan.
Rim taqvimida kunlar kalend (oyning birinchi kuni), non (beshinchi yoki yettinchi kuni) va id (13 yoki 15-kuni)larga qarab taqsimlangan va shunga koʻra, nomlangan. Masalan 24-fevral ante diem sextum calendas martii (martning birinchi kuni – kalendidan 4 kun oldin) deb atalgan.
Sezar kabisa yili uchun bis sextus (ilmiy istilohda kabisa yili xuddi ana shunday ataladi) yaʼni ikkinchi oltinchi kunni qoʻshish haqida koʻrsatma bergan. Shu tariqa eramizdan avvalgi 45-yil tarixda ilk kabisa yili boʻlib qolgan.
Oradan bir yilcha vaqt oʻtib, suiqasd natijasida Sezar oʻldiriladi va ikkinchi kabisa yili undan keyin boʻlib oʻtadi. Shu tariqa 36 yil davomida har uchinchi yilga astronomlar bir yildan qoʻshib boraverishgan. Oktavian avgust davriga kelib, taqvim hisoboti qayta koʻrib chiqiladi va bu hisoblash xato ekani oydinlashadi. Shundan soʻng har toʻrtinchi yil kabisa yili tarzida hisoblanishi belgilanadi. Biroq, 36 yil davomida kabisa 9 marotaba oʻrniga 12 marotaba qayd etilganini hisobga olib, oradagi tafovutni yoʻq qilish maqsadida bir necha yil mobaynida bu odatga amal qilinmagan.
Keyinchalik astronomik asboblar rivojlana boshlagach, bir yil Sezar davrida aniqlanganidek, 365,25 kun emas, taxminan 365 kun 5 soat 49 daqiqa ekani maʼlum boʻlgan. Yaʼni Yer Quyosh atrofida aylanib chiqishi uchun aynan shuncha vaqt sarflaydi. Demak, Yulian taqvimiga koʻra, oʻrtacha tropik yil va Yulian taqvimi oʻrtasidagi farq bir yilda -11 daqiqani tashkil qiladi. Bu “kemtiklik” 128-yilda taxminan bir sutkaga yetadi.
Sezar davridan soʻng oradan asrlar oʻtib, ushbu tafovut yil fasllarining almashinuvida ham sezila boshlagan. Aniqrogʻi XVI asrda bahorgi tengkunlik taqvimga koʻra 21-martda emas, undan oʻn kuncha avvalroqqa toʻgʻri kelib qolgan. Bu esa, pasxa bayramini belgilashda katta noaniqliklarni keltirib chiqargan.
Asrlar davomida yuzaga kelgan bu tafovutni bartaraf etish uchun Rim papasi Grigoriy XIII taqvimni isloh qilish tashabbusi bilan chiqqan. Uning islohotiga koʻra, kalendar yili Quyosh taqvimiga mos kelishi uchun 100 ga boʻlinadigan yillarda kabisa yili bekor qilinishi lozim edi. Yaʼni, 4 soniga qoldiqsiz boʻlinadigan barcha yillar kabisa yili hisoblanadi, faqat oxiri ikki nol bilan tugaydigan yillar bundan mustasno. Masalan, 1300, 1400, 1500-yillar va hokazo.
Lekin bu islohot hali tafovutni toʻla bartaraf etolmaydi. Negaki, Yulian taqvimiga koʻra, daqiqalar “yigʻindisi” har 128-yilga borib, sezilarli oʻzgaradi. Demak, har toʻrtinchi yuz yillik kabisa yili boʻlib qolaveradi.
Yaʼni; 400 soniga qoldiqsiz boʻlinadigan yillar kabisa yili hisoblanadi. Masalan, 1200, 1600, 2000-yillar. 100 ga qoldiqsiz boʻlinadigan yillar kabisa yili emas. Masalan: 1700, 1800, 1900-yillar. Ulardan qolgan barcha 4 ga qoldiqsiz boʻlinadigan yillar kabisa yilidir. Masalan, 2004, 2008, 2011, 2016 .
Shundan xulosa qiladigan boʻlsak, kirib kelayotgan 2020-yil ham kabisa yili hisoblanadi.