Jurnalistning navbatdagi “Ayol baxti ” nomli kitobi chop etildi
Sirdaryolik taniqli jurnalist, adiba Dilorom Esonovaning navbatdagi “Ayol baxti” nomli kitobi chop etildi.
Bungacha adibaning "Tabarruk va aziz siymolar", "Dardingizga darmon bo‘lay" nomli kitoblari ham bosmadan chiqqan. Mazkur kitob keng jamoatchilik tomonidan iliq kutib olindi. Chunki unda Sirdaryo zaminida yashab, ijtimoiy sohalarda faol bo‘lgan, vohaning gullab-yashnashi, bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shgan va qo‘shayotgan matonatli ayollar haqida hikoya qilingan.
Baxt shahridagi “Istiqlol” to‘yxonasida “Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tadbir asnosida jurnalist Dilorom Esonovaning O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Ayol baxti” nomli kitobining taqdimoti ham o‘tkazildi.

Unda o‘tgan 30 yil mobaynida vatanimiz iqtisodining yuksalishiga munosib hissa qo‘shgan va qo‘shib kelayotgan turli soha vakillari, ziyolilar ishtirok etdi.
– Biz baxtli ayollarmiz, – deydi O‘zbekiston respublikasi xalq ta’limi a’lochisi, “Antik Vorld” akademiyasining dotsenti Mavludaxon Nikuradze. – Ertalab uyqudan xotirjam uyg‘onamiz. Farzandlarimiz osuda va tinch yurtda kamol topyapti. Ularning buguni, ertasidan ko‘nglimiz xotirjam. O‘zbekistondek yurtda yashayotganimizdan baxtlimiz, osuda damlarimizga har qancha shukrona aytsak arziydi.
Shuningdek, tadbirda tuman Kengashi deputati Dilafro‘z Jo‘rayeva, faxriy pedagog Zaynab Mahkamova va boshqalar istiqlol bergan buyuk ne’matlar haqida so‘z yuritdi.
Shuhrat Suyarov, O‘zA