Jurnalistni akkreditatsiya qilish qay tartibda amalga oshiriladi?
Jurnalist davlat organi, jamoat birlashmasi va tashkilot huzurida akkreditatsiya qilinishi mumkin.
Chet el jurnalisti O‘zbekistonda akkreditatsiya qilinishi mumkinmi? Uning tartibi qanday?
Bu savolga Toshkent davlat yuridik universiteti Yuridik klinikasi xodimi Imomali Tuyev quyidagicha javob berdi:
–Chet el jurnalisti O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi bilan kelishilgan holda, O‘zbekiston Respublikasi hududida akkreditatsiya qilinishi mumkin.

Akkreditatsiya qilingan jurnalist quyidagi huquqlarga ega bo‘ladi. Jumladan, bo‘lib o‘tadigan ochiq hay’at majlislari va boshqa ommaviy tadbirlar to‘g‘risida oldindan axborot olishi, akkreditatsiya qiluvchi organning binolariga (xonalariga) va boshqa ob’ektlariga akkreditatsiya qiluvchi organ tomonidan belgilangan tartibda kirishi, ochiq hay’at majlislarida va boshqa ommaviy tadbirlarda hozir bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, akkreditatsiya qiluvchi organning mas’ul shaxslaridan zarur hujjatlar va materiallarni so‘rash hamda olish, ommaviy tadbirlarning yozuvlari bilan tanishish hamda ulardan ko‘chirma nusxalar olishi, olingan yozuvlardan ommaviy axborot vositalari materiallarini tayyorlashda foydalanishi hamda akkreditatsiya qilingan jurnalist qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA