Jurnalistlar uchun press- tur
“O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DK tomonidan jurnalistlar uchun press- tur tashkil etildi.
Press- tur doirasida bevosita “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DKda ko‘rgazmali namoyish hamda “O‘zbek-Turk test markazi” MCHJ faoliyati bilan yaqindan tanishdik.
Prezidentimizning 2021 yil 2 iyundagi “Texnik jihatdan tartibga solish sohasida davlat boshqaruvini tubdan takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmoni va “O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, tizimni tubdan isloh qilish va sohani rivojlantirishga oid vazifalar belgilangan bo‘lib, “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DKga ham bir qator yo‘nalishlarda islohotlarni amalga oshirish vazifasi yuklatilgan.
Ta’kidlash joiz, “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DK O‘zbekiston Respublikasining muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan o‘tkazish bo‘yicha yagona vakolatli organ xisoblanib, ISO/IEC 17011:2017 talablariga muvofiq faoliyat olib boradi. Akkreditatsiya bo‘yicha ishlar majmui faoliyatning asosiy yo‘nalishi xisoblanib, unga dastlabki akkreditatsiya, davriy baho (inspeksiya nazorati), takroriy akkreditatsiya, akrreditatsiya sohasini kengaytirish va/yoki qisqartirish kabi ishlar kiradi. “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DK muvofiqlikni baholash organlarining vakolatlarini quyidagi standart talablariga muvofiq akkreditatsiya qiladi:
Sinov va kalibrlash laboratoriyalarini – ISO/IEC 17025:2017, tibbiy laboratoriyalarni – ISO 15189:2012, mahsulotlar va xizmatlarni sertifikatlashtirish organlarini – ISO/IEC 17065:2012, Xodimlarni sertifikatlashtirish organlarini – ISO/IEC 17024:2012, Inspeksiya organlarini – ISO/IEC 17020:2012, malakani tekshirish provayderlarini – ISO/IEC 17043:2010, menejment tizimlarini sertifikatlashtirish organlarini – ISO/IEC 17021-1:2015 standartlari orqali.
Press- tur davomida “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DK xodimlari yuqoridagi huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalar ijrosi doirasida amalga oshirilgan ishlar xususida ma’lumot berishdi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, tizimda farmon va qaror ijrosi yuzasidan islohotlar amalga oshirilishi natijasida “xabardor qilish” vazifasi bo‘yicha 4ta sinov laboratoriyasi va 2ta sertifikatlash organi Markazni xabardor qilishi uchun imkoniyat yaratiladi, – deydi “O‘zbekiston akkreditatsiya markazi” DK direktori A.Zakirov. – “Majburiy attestatsiyani bekor qilish bo‘yicha” 596 nafar ekspert-auditor va 6152 nafar sertifikatlangan xodim uchun majburiy sertifikatlashtirish talabi bekor qilinadi. Muvofiqlikni baholashdagi tashqi ko‘rikni o‘tkazish uchun akkreditatsiya olish talabi bekor qilinishi natijasida esa 268ta laboratoriyada 52tadan ko‘rsatkich qisqartiriladi. Bu esa akkreditatsiya olish uchun sarflanadigan mablag‘ iqtisod qilinib, 1,26 mlrd so‘m laboratoriya ixtiyorida qolishiga zamin yaratadi. Monopoliyaga chek qo‘yilishi natijasida esa turizm, urug‘chilik, ekologiya va dori vositalari yo‘nalishlarida o‘zaro teng sharoitdagi raqobat platformasi yaratiladi.
Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, yilning boshidan buyon Markaz tomonidan 120ta buyurtma ko‘rib chiqilgan, 32ta muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiyadan o‘tgan.
[gallery-3603]
Shahnoza Mamaturopova, O‘zA