Jurnalist va blogerlar paxta dalasida
Ayni kunlarda bobodehqon fermer va klasterlarning birinchi galdagi e’tibori ulkan “oq oltin” xirmonini yog‘in-sochin kunlarga qoldirmay, nobud qilmasdan yig‘ib olishga qaratilgan.
Namanganning shahar, tumanlaridan paxtakorlarga yaqindan madadkor bo‘lish uchun qalb amri bilan yordam berayotgan hasharchi terimchilar qatorida viloyatda faoliyat yuritayotgan ommaviy axborot vositalari xodimlari va blogerlar ham xayrli tashabbus bilan chiqishdi. Bir guruh bosma va elektron media tuzilmalari hamda ijtimoiy tarmoqlar faollari o‘tgan dam olish kuni viloyat xirmoniga hissa qo‘shish maqsadida erta tongdan Mingbuloq tumani “Fayzimuhammad ota-Ch” fermer xo‘jaligi dalalarida bo‘ldi. 50 nafar fidoyi ijodkordan iborat hasharchilar ne zahmatlar bilan yetishtirilgan paxta hosilini ko‘tarinki kayfiyatda yig‘ishtirib olishda faollik ko‘rsatdi.

Hasharchilarni yo‘qlagan Namangan viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov faol jurnalistlarga, xususan “Namangan haqiqati” gazetasi tahririyatining ko‘p sonli hasharchilariga yurtimizga daxldorlik hissi uchun minnatdorlik bildirdi. Tushlik paytida dala shiyponida “Bir piyola choy” dasturxoni atrofida “to‘rtinchi hokimiyat” vakillari bilan dildan muloqot bo‘ldi. Jurnalistlar va blogerlar fermer xo‘jaligi faoliyati, terim mavsumiga doir jarayonlar xususida turkum lavha va maqolalar tayyorladi. Madaniy tadbirda tuman madaniyat bo‘limi san’atkorlari, ayniqsa, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yahyo Mo‘minovning dilrabo qo‘shiqlari barchaga ko‘tarinki zavq ulashdi.

– Fermer xo‘jaligimizni 2002 yilda ochganmiz. Ishimiz avvalida ayrim to‘siq va qiyinchiliklarni boshdan kechirdik. Bugun dehqonlarning davri keldi. Fermer xo‘jaliklari va klasterlar izchil sa’y-harakatlari orqali mamlakatimiz ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shmoqda, – deydi Mingbuloq tumanidagi “Fayzimuhammad ota-Ch” fermer xo‘jaligi rahbari, “O‘zbekiston Respublikasining qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni sohibi Bahodir Chilmatov. – Erta bahordan yaxshi niyatlar bilan 90 nafar a’zomiz tomonidan 261 gektar maydonga chigit ekdik. O‘z hisobimizdan xarid qilgan suv tejovchi texnologiyalarni tez orada 80 gektar maydonda qo‘llashni boshlaymiz. Joriy yilda 200 gektar maydonga ekilgan g‘alladan 1 ming 500 tonna hosil olib, rejani ortig‘i bilan bajargan holda, dondan 1 milliard 780 million so‘m daromad topgan bo‘lsak, “oq oltin” hosilidan 2 milliard 350 million so‘m naf ko‘rishni mo‘ljallab turibmiz. Sof foydamiz hisobidan xayrli an’anamizga ko‘ra, bu yil ham moddiy yordamga muhtoj, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan kam ta’minlangan oilalar hamda tuman obodligi uchun homiylik mablag‘larini sarflamoqchimiz.


Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Namangan viloyati bo‘yicha 2024 yil mavsum uchun fermer xo‘jaliklari hamda paxta-to‘qimachilik klasterlari tomonidan 60 ming gektar yerda g‘o‘za parvarish qilinib, mazkur maydonlarning har gektaridan o‘rtacha 38,8 sentnerdan, jami 233 ming tonna paxta xomashyosi yig‘ishtirib olish rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.