Jurnalist – jamiyat taqdirida hal qiluvchi kuch
Jurnalistikani o‘zining hayoti mazmuniga aylantirgan insonlar oramizda ko‘p. Bu insonlarga oddiygina halovatsiz insonlar deb ta’rif bersak mubolag‘a bo‘lmaydi. To‘g‘ri, bugun axborot asri. Ijtimoiy tarmoqlarning o‘ziyoq axborotlar makoniga aylangan. Biroq bu makon saralanmagan, ya’ni yaxshi-yomon, to‘g‘ri-noto‘g‘ri, xolis-noxolis, aniq-noaniq axborotlarga to‘lib ketgan. Ayni shu jarayonda axborot makonidagi “feyk” ma’lumotlarni saralab, ishonchli ma’lumotlarni yetkazib beradigan inson – jurnalist sanaladi.
Ta’kidlash lozimki, bugun xalqning jurnalistlarga ishonchi yanada yuksalgan. Muammo mutasaddilar e’tiboridan chetda qolganida, hadeganda yechimini topmaganida, insonlar ommaviy axborot vositalariga murojaat qilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu borada “Bugungi kunda xalq ovozi va fikrini keng jamoatchilikka, davlat idoralari e’tiboriga olib chiqayotgan eng ta’sirchan kuch, bu – ommaviy axborot vositalari va jurnalistlardir”, deya o‘rinli fikrni ta’kidladi. 27 iyun – Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuniga Farg‘ona vodiysi ijodkorlarini quvontirgan yangilik – bu Namangan davlat universitetida jurnalistika yo‘nalishining qayta ochilgani bo‘ldi. Uzoq yillik tanaffusdan so‘ng, 2023/2024 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim muassasalari bakalavriatining kunduzgi, sirtqi va kechki ta’lim shakli bo‘yicha davlat buyurtmasi asosida o‘qishga qabul qilish parametrlariga asosan yangi ochilgan “Jurnalistika: internet jurnalistika” va “Jurnalistika: teleradio jurnalistikasi” yo‘nalishlariga jami 100 nafar talaba o‘qishga qabul qilinadi. Bu vodiydagi bosma va elektron media tuzilmalari uchun nihoyatda manfaatlidir. Zotan, Namangan, Andijon va Farg‘ona viloyatlaridagi mavjud vaqtli bosma nashrlar, shuningdek, teleradio jurnalistika faoliyati yuzasidan respublikada o‘z o‘rni, nufuzi va salohiyatiga ega.
Axborot insonlar hayotining ajralmas qismiga aylanayotgan, jurnalistika sohasi ham tub o‘zgarishlar va rivojlanishlar pallasida bo‘lgan bir davrda yangi kadrlarga bo‘lgan talab ham ortmoqda. Bu sohada ham raqobat kuchayib borayotganini inobatga olsak, Namangan davlat universitetiga tayyorlanadigan jurnalist kadrlar yuksak bilim, malaka va tajribaga ega mutaxassislar bo‘lib yetishib chiqishi shart. Buning uchun universitetda ilmiy va ijodiy salohiyat, imkoniyat va tajriba yetarli.
Bunday deyishimizning sababi bor. Ma’lumki, 1994-1999 yillarda ham Namangan davlat universitetida jurnalistika yo‘nalishi ochilgan va ta’limning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllarida jurnalist kadrlar tayyorlangan. Bugun jurnalistika yo‘nalishining sobiq bitiruvchilari respublika va viloyat matbuotida, ommaviy axborot vositalarida samarali faoliyat olib bormoqda. Axborot – jamiyat taqdirida hal qiluvchi kuch, jurnalistika – jamiyat muammolarining samarali yechim topishida katta ahamiyatga ega ekani, jurnalistlar – ijtimoiy davlat uchun nihoyatda zarur mutaxassislar ekanligi universitetimizda jurnalistika yo‘nalishining ochilishiga asos bo‘ldi. Umid qilamizki, yaqin vaqt ichida nafaqat Namangan viloyati, balki vodiy viloyatlari jurnalistikasi eng bilimli, ijodkor yoshlar bilan yanada kuchli sohaga aylanadi.
Sobitxon Turg‘unov,
Namangan davlat universiteti rektori, pedagogika fanlari doktori, professor
O‘zA