Juda kamyob va mas’uliyatli vazifaga tanlangan jangchi ayol
9 may – Xotira va qadrlash kuni
Sir emaski, Ikkinchi jahon urushida dushmanning havo hujumi ko‘plab talafotlarni keltirib chiqargan. Unga qarshi turish, ayniqsa, uni oldindan aniqlashga bo‘lgan harakatlar o‘sha paytdagi texnologiyalar bilan oson emas edi. Har bir holatga qarshi inson intellekti omilidan foydalanishga to‘g‘ri kelardi. Garchi buning natijasini hozirgi radarlar imkoniyatiga tenglashtirib bo‘lmasa-da, lekin juda kuchli eshitish qobiliyatiga ega insonlarni saralab olish orqali muammoga yechim topilgan.
Saralanganlarni esa «sluxach» (radiosignallarni quloq orqali qabul qiluvchi aloqa xodimi) deb atashgan. Ulardan samoda uchib kelayotgan dushman samolyotlarini 8-10 kilometr masofadan aniqlash imkoniyatiga ega bo‘lish talab qilingan.

Ikkinchi jahon urishi qatnashchilari bilan suhbatda bo‘lar ekanmiz, doimo ulardan biror yangi ma’lumot olishga harakat qilamiz. Bu safar ham xuddi o‘sha niyatda urush faxriysining xonadoniga bordik. Mirobod tumani, Furqat ko‘chasida istiqomat qilayotgan 97 yoshli Yelena Rijkova bizni ochiq chehra bilan iliq kutib oldi. An’anaga sodiq qolgan holda urush faxriysidan hali hech kimga aytmagan yangi gapni «sug‘urib» olishga urindik. Ammo, bu «urinishlar» bizni uzoq kuttirmadi. Birinchi savolga berilgan javobning o‘ziyoq biz kutgan natijani berdi.
– Yelena Muniyelevna, siz frontga qachon bordingiz?
– Men 1924 yil 20 iyun kuni Oltoy o‘lkasining chekka qishlog‘ida tug‘ilganman. Oilada 10 farzandning to‘ng‘ichi edim. Urush boshlanganida endigina 16 yoshda bo‘lganligim uchun 18 yoshga to‘lishimni kutdim va 1943 yil ko‘ngillilar safida frontga bordim. Frontga ketishimizdan oldin bizni saralashdi. Oldiniga nima bo‘layotganini tushunmadim. Chunki eshitish va ovozlarni ajratish qobiliyatimizni imtihon qilishardi. Eng qizig‘i, saralanayotganlar orasida ko‘zi ojizlar ham bor edi. Saralashning hamma jarayonlaridan o‘tdim. Hatto ko‘zi ojizlardan ham saralanganlar bor edi. Oxirida juda kamchilik tanlanganlar qolganimizdan keyin aytishdiki, biz «sluxach» (radiosignallarni quloq orqali qabul qiluvchi aloqa xodimi) bo‘lib frontga kiramiz.
– Sizning vazifangiz nimalardan iborat edi? Sohangiz juda noyob, qiynalmadingizmi?
– Men asosan Polshani ozod etishda qatnashdim. Urushda qiynalmagan inson yo‘q. Oson sohaning o‘zi bo‘lmagan. Urush bo‘lgandan keyin shovqin bo‘lishi tabiiy. Eng qiyin tomoni, o‘sha shovqinda samolyot ovozini kamida 8-10 kilometr masofadan aniqlash va uning yaqin qolganiligi xabarini berish edi. Agar xato qilsak yoki kech qolsak, talafotlar ko‘p bo‘lardi. Qanchadan-qancha yosh navqiron yigitlarning bevaqt o‘lib ketishi mumkinligi bizga juda katta mas’uliyat yuklagan. Bunday mas’uliyat yukini ko‘tarib yurish juda og‘ir.
Suhbatimiz shu yerga yetganida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Marat Hakimov «Tyomnaya noch» qo‘shig‘ini kuyladi. Qo‘shiqqa jo‘r bo‘lgan qahramonimiz ancha o‘ylanib qoldi.
– Siz xizmat qilgan joyga san’atkorlar kelisharmidi?
– Biz o‘zimiz san’atkormiz-ku (kuladi), o‘zimiz qo‘shiq kuylardik. Chunki biz «sluxach»lar musiqani juda yaxshi tushunishimiz shart edi. Saralash jarayonida ham bu qobiliyatim menga asqotgan.
– G‘alaba bo‘lganligini qayerda eshitdingiz?
– Men o‘z safdoshlarim bilan g‘alabani Berlinda nishonladim. Aytsam ishonmassiz, ammo Germaniyaning aholisi ham urush tugaganini biz bilan nishonladi. Chunki urush ularning ham madorini quritgandi. Ularning ham farzandlari shu urush tufayli vafot etgan edi. Uylari vayron, oilasi parokanda bo‘lgandi.

– Oltoy o‘lkasida tug‘ilib o‘sgan qiz Toshkentda yashayotganligining o‘z tarixi bo‘lishi kerak. Bu holat qachon va qanday sodir bo‘ldi?
Urushdan keyingi davrlar havas qilarlik emas edi. Mamlakat iqtisodiyoti ancha charchagan, yetishmovchilik, ochlik va ishsizlik. Shunday kunlarning birida Toshkent shahrida yashayotgan tog‘am mehmonga chaqirdi. Men Toshkentga kelgan paytimda pomidorni birinchi marta ko‘rib turgandim. Uning rangi, shakli va mazasi meni lol qoldirgan. Mana shu voqea sabab men ochlik nimaligini unutdim. O‘zbekiston jannatmonand joyligini tushunib yetdim. Uning tuprog‘ida o‘sgan har qanday meva-sabzavotning mazasini boshqa yurtniki bilan taqqoslab bo‘lmaydi. Mana, o‘shandan buyon o‘zim tanlagan Vatanimdaman. Shu yerda oila qurdim, farzandli bo‘ldim. O‘z tanlovimdan, shu yerda yashayotgan insonlardan va mening holimdan xabar olib turgan barcha-barchadan minnatdorman.
Sherzod SHARIPOV,
Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy
kommunikatsiyalar departamenti xodimi