Jovli Xushboqning “Sirli dunyo”si
Qo‘limizda taniqli adib, adabiyotshunos Jovli Xushboqning yangi kitobi – “Sirli dunyo” turibdi. Yozuvchi, ijodkorning qalamidan to‘kilayotgan ranglar ijodkor ichki olamining in’ikosi, deyishadi.
Haqiqiy iste’dod egalarining qalamiga oid asarlarni o‘qiganda xuddi o‘zini ko‘rgandek, quloqlaringiz ostida o‘sha ijodkorning ovozi yangrab turgandek bo‘lishining boisi, ehtimol shundan.
Jovli Xushboqning badiiy asarlari ham, adabiy tanqidga aloqador adabiy-tahliliy maqolalari ham o‘ziga xos. Uning badiiy asarlari yoki maqolalarini o‘qiyotganingizda boshqa bir adib yoki adabiyotshunosning asarlari hayolingizga ham kelmaydi, ya’ni u kimnidir eslatmaydi. Adib ijodining muhim jihatlardan biri ham shu.
Ayni paytgacha uning yigirmadan ziyod kitoblari nashr bo‘lgan. U bir necha badiiy va hujjatli filmlar ssenariysi muallifi ham. Zukko kitobxon adibning “Ichki dard tug‘yoni”, “Muhabbatning olovi”, “Taqdir g‘aroyibotlari”, “Yuragim surati” kabi kitoblari va ulardagi qahramonlar nomini yaxshi eslashadi.
“Akademnashr” tomonidan kitobxonlarga taqdim etilayotgan “Sirli dunyo”da adibning “Faryod”, “Ko‘ngil”, “Qayg‘u surati” kabi hikoyalari, “Buyuklik va kamtarlik”, “Ulug‘likning mashaqqatli yo‘li”, “Mashhurlikning xatari”, “Jasorat va mukofot”, “Sakkizinchi mo‘’jiza nima?”, “Ijodkor a’moli” singari esselari joy olgan.
“Sirli dunyo” – hikoya, esse, suhbatlar – jami 16 ta mustaqil “asar”dan iborat. Ularni birlashtirib turuvchi nuqta bor, bu – adib, munaqqidning adabiyotga, bugungi adabiy muhitga qarashlari va bu qarashlarda kuyunchaklikka uyg‘un samimiylik, beg‘arazlikning bo‘y ko‘rsatib turishi...
Kitobda yuzlab ijodkorlarning ism-shariflariga duch kelasiz, Jovli Xushboqning ulug‘ adib – Lev Nikolayevich Tolstoy ijodiga hurmati nechog‘li balandligini hikoyalarida ham, esselarida ham ko‘rasiz. Dostoyevskiy, Soljenitsin kabi adiblarga munosabatidan boxabar bo‘lasiz. Kamtar, benazir ijodkor Shafoat Rahmatulloh Termiziy haqida ma’lumotlaringiz kengayadi va hokazo...
Jovli Xushboqning ”Sirli dunyo”sini topib o‘qing. Kuyunchak adib, adabiyotshunos qalbidan to‘kilgan tuyg‘ular sizning ko‘nglingizda ham aks-sado berishiga shubha yo‘q.
A.Narzulloyev, O‘zA