Joriy hafta Prezident ishtirokida qanday voqealar kutilmoqda?
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining bugun, 19 aprel kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi brifingida joriy hafta bo‘ladigan tadbirlar anonsi ham berildi.
Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning qayd etishicha, bu hafta xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazilishirejalashtirilgan.
Ma’lumki, bu soha iqtisodiyotda, aholi bandligini ta’minlashda juda katta salohiyatga ega. Rivojlangan mamlakatlarda yalpi ichki mahsulotning katta qismini shu soha ta’minlaydi. Mamlakatimizda ham sohani to‘liq ishga solish uchun yangi imkoniyatlar, qulayliklar belgilanishi kutilmoqda.
Brifingda mamlakatimiz hayotiga oid xalqaro kun tartibi haqida ham ma’lum qilindi. Prezidentimiz joriy hafta Bangladesh, Chexiya, Misr, Iordaniya, Turkiya, Yevropa Ittifoqi va Rossiya Federatsiyasining O‘zbekistondagi yangi elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oladi.
Shuningdek, joriy haftada davlatimiz rahbari ishtirokida oyning oxirigacha tashkil etiladigan bir qator ikki tomonlama va yirik xalqaro tadbirlarga tayyorgarlik masalalari ko‘riladi.
Brifing, odatdagidek, o‘zbek, rus va ingliz tillarida olib borildi.
O‘zA