Jo‘qorg‘i Kenges Raisi yoshlar bilan uchrashdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi Murat Kamalov Beruniy tumanidagi Madaniyat saroyida Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari yoshlari bilan uchrashdi.
Bu haqda Beruniy tumani hokimligi axborot xizmati O‘zA muxbiriga ma’lum qildi.
Madaniyat saroyining foyesida turli millat vakillarining kuy-qo‘shiqlari ijro qilinib, mehmonlar madaniyat markazidagi 28 ta to‘garak faoliyati bilan tanishdi. Doira, milliy qo‘shiqchilik, xoreografiya, rubob, estrada, sportning badiiy gimnastika va karate yo‘nalishlari bo‘yicha to‘garak ishtirokchilari o‘z mahoratlarini namoyish etdi. Jo‘qorg‘i Kenges Raisi tomonidan markaz kutubxonasiga 1000 ta kitob sovg‘a qilindi.
Markaz tasarrufidagi muzey eksponatlari hamda beruniylik rassomlar Sobir Qutlimuratov, Saxiy Djanaxmedovning ko‘rgazmasi bilan tanishdi. Ijodkorlarga bugungi yosh avlodning rassomchilik san’atiga qiziqishini yanada orttirish maqsadida ustoz-shogird an’anasini davom ettirish borasida tavsiyalar berildi. Olis hududlardan maktablarga qatnovchi o‘quvchilarga 20 dona velosiped sovg‘a qilindi.
Jo‘qorg‘i Kenges Raisining yoshlar bilan uchrashuvi savol-javoblarga boy bo‘ldi. Dastlab ZOOM dasturi orqali mazkur tumanlardan Xitoy, Belorus va Rossiya Federatsiyasi oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar bilan o‘zaro fikr almashildi. Shundan so‘ng 3 ta tuman yoshlarining murojaati tinglandi. Tadbir doirasida Ellikqal’a tumanidan 3 ta, To‘rtko‘l tumanidan 3ta va Beruniy tumanidan 3ta kam ta’minlangan oila farzandlariga shartnoma to‘lovlari uchun sertifikatlar, fan olimpiadalarida yuqori natijalarga erishgan 6 nafar yoshga noutbuk sovg‘a ѕilindi.
Uchrashuvdan so‘ng yoshlar uchun gala konsert namoyish etildi. San’at ustalari ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar davraga yanada fayz bag‘ishladi.
[gallery-1458]
Dovud ABIBULLAEV, Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA