Jo‘qorg‘i Kenges raisi deputatlar bilan uchrashdi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi Amanbay Orinbayev Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shahar va tuman kengashlari deputatlari bilan uchrashdi.
Uchrashuvda yurtimizda Prezidentimiz rahbarligida Qoraqalpog‘iston uchun alohida qabul qilingan farmon va qarorlarga, ushbu hujjatlar orqali berilgan imtiyozlar haqida so‘z bordi.

Shuningdek, Orolbo‘yi hududida yuz berayotgan muhim yangiliklar, bugungi kunda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ezgu ishlar, kelgusidagi vazifalar alohida tilga olindi.

Ta’kidlanganidek, davlatimiz rahbari tomonidan birgina Qoraqalpog‘iston uchun 2017-yildan buyon 78 ta farmon va qaror qabul qilingan bo‘lsa, hozirgi vaqtda 38 ta hujjatning ijrosi davom etmoqda. Qabul qilingan tarixiy hujjatlar asosida, aholiga, shu jumladan, yoshlarga bir qator qulay sharoitlar yaratilgani, tadbirkorlarga ilgari bo‘lmagan ko‘plab imtiyoz va imkoniyatlar berilgani, shular hisobidan hudud aholisining og‘iri yengil, uzog‘i yaqin bo‘lgani, fuqarolarni qiynayotgan muammolarga ijobiy yechim topilgani Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston xalqiga bo‘lgan alohida e’tibori va mehri ifodasidir.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 20-fevral kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijadorligi va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda, so‘nggi yillarda hudud iqtisodiyotida sezilarli o‘zgarishlarga erishilgani qayd etildi. Barcha imkoniyatlarni ishga solib, sanoat, xizmatlar va turizm eksportini 900 million dollarga yetkazish, joriy yil yakuniga qadar ishsizlik darajasini 4,2 foizgacha, kambag‘allikni 3,2 foizgacha pasaytirish, Nukus shahri, Qo‘ng‘irot va Chimboy tumanlari hamda 109 ta mahallani ishsizlik va kambag‘allikdan xoli hududga aylantirish maqsad qilingan. Qo‘shimcha ravishda “og‘ir” toifadagi Bo‘zatov, Qonliko‘l, Mo‘ynoq va Shumanay tumanlari hamda 90 ta mahallada kambag‘allikni ikki barobar qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Deputatlar bilan uchrashuvda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlar, hayotiy islohotlar, muhim tashabbuslar aniq misollar bilan ko‘rsatib berildi. So‘ngra, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, shahar va tuman kengashlari deputatlarining taklif va fikrlari tinglanib, kelgusida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyoti yo‘lida munosib hissa qo‘shayotgan bir guruh deputatlar va yilning eng faol mahalliy Kengashlari munosib rag‘batlantirildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA