Jomboydagi arxeologik yodgorlikdan hukmdor saroyi qoldiqlari topildi (+video)
Samarqand viloyatining Jomboy tumanida joylashgan Mingtepa arxeologik yodgorligida olib borilayotgan tadqiqotlar davomida VIII asrga oid ehtimoliy hukmdorlar saroyining me’moriy qoldiqlari aniqlandi.
Yahyo G‘ulomov nomidagi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimlari Amriddin Berdimurodov, Husniddin Rahmonov va Nigora Mahkamova tomonidan yodgorlikning ark (qal’a) qismida amalga oshirilayotgan arxeologik qazishma ishlari jarayonida hukmdor saroyining dastlabki me’moriy tuzilishi ochildi. Saroyning zal qismidan esa haykaltaroshlik namunalari topildi.
– Mingtepa 3000-yillik tarixga ega qadimiy Samarqand shahrining sharqiy qismida joylashgan, tarixiy manbalarda Kabudan nomi bilan atalgan yodgorlik hisoblanadi, – deydi Samarqand arxeologiya instituti katta ilmiy xodimi, tarix fanlari nomzodi Amriddin Berdimurodov. – Bu joy haqida qadimiy Xitoy, fors va arab manbalarida juda ko‘p ma’lumotlar bor. Ularda qayd etilishicha, Samarqandga Sharq tomondan keladigan karvonlar shu yerda to‘xtab, keyin shaharga yo‘l olgan. Qolaversa, Kabudan Samarqand shahrining muhim mudofaa qo‘rg‘onlaridan biri vazifasini o‘tagan. Chunki, Samarqanddek qadimiy va ulkan shaharni mudofaa tizimi o‘sha vaqtlardayoq puxta o‘ylangan va uning to‘rt tomonida bir nechta shaharlar, qal’alar qurilgan. Masalan, sharqiy tomonda Kabudan, janubda Kofirqal’a va Quldortepa, g‘arbiy tomonda Do‘rmontepa va Zarkent, shimolda esa Kumushkent shaharchalari bo‘lgan. Samarqandga dushman bostirib kelganda avvalo shu kichik shaharlarga duch kelgan va shu yerdan mudofaa boshlangan. Shuningdek, Samarqand shahri taraqqiyotida bu shaharchalar muhim o‘rin tutgan.
Amriddin Berdimurodovning qayd etishicha, Mingtepa yodgorligi haqida tarixiy manbalarda aniq fakt va ma’lumotlar uchrasa-da, uni tadqiq etish ishlari 2010-yildan so‘ng boshlangan. 2016-yilda arxeologik yodgorliklarning shahriston qismida olib borilgan qazishma ishlari davomida eramizdan avvalgi uchinchi asrga oid tangalar va boshqa buyumlar, askarlar yotoqxonasi, devoriy suratlar topilgan. Bu esa Kabudanning qadimiy shaharchalardan biri bo‘lganini ko‘rsatadi. Keyingi yillarda ob’ektni o‘rganishga alohida e’tibor berilib, jumladan, bu yil madaniy meros agentligi ko‘magida yodgorlikning eng baland joyidagi ark qismida keng ko‘lamli qazishma ishlari olib borilmoqda. Arkning o‘rganilishi shahar tarixi, madaniyatini aniqlashda juda katta manba bo‘ladi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, inshootning qurilish uslubi ilk o‘rta asrlar davri shaharsozligi, me’morchiligi hamda davlat boshqaruv tizimini o‘rganishda muhim ilmiy manba hisoblanadi. Chunki bu yerdan chiqqan topilmalar Mingtepa yodgorligining siyosiy, madaniy hayoti, hududning ilk o‘rta asrlardagi tarixiy taraqqiyoti haqida yangi ilmiy xulosalar olishga yordam beradi.
[gallery-30508]
– Institutimizning bu yilgi dala-qazuv rejasi asosida Mingtepada ish olib boryapmiz, – deydi Samarqand arxeologiya instituti ilmiy xodimi Husniddin Rahmonov. – Bundan avval ham, 2016-yildan buyon ushbu yodgorlik bo‘yicha qazishma ishlarida qatnashib kelyapman, ilmiy tadqiqotim mavzusi ham shu ob’ekt hisoblanadi. 40 gektar hududni egallagan yodgorlikdagi dastlabki izlanishlarimizda g‘arbiy qismda xo‘jalik uylari, turli buyumlar, tangalar, kulollik idishlari, nodir ashyolar topganmiz. Ark qismidagi o‘rganishlarni esa yaqinda boshladik va 1,5-2 metr chuqurlikni kovlab ko‘rganimizda bu yerdan shaharcha hukmdori saroyi qoldiqlarini aniqlashga muvaffaq bo‘ldik. Ob’ektning me’moriy tuzilishi, tokchalarda haykallar o‘rni va haykal topilishi bu joyning hukmdor yashagan saroy yoki mehmonlar, elchilarni qabul qiladigan zal bo‘lgani to‘g‘risida xulosaga kelishimizga asos bo‘lmoqda. Albatta, hali qazishma ishlari davom etadi va arkning katta qismini kovlab o‘rganganimizda yanayam ko‘proq ma’lumotlarga ega bo‘lamiz. Shu paytgacha qadimiy Sug‘dga oid arxeologik yodgorliklarda bunday yaxlit holdagi haykal namunasi deyarli topilmagan. Shuningdek, Mingtepadan topilgan turli xil ashyolar VIII asrda Kabudanning gullab-yashnagan shaharcha bo‘lganidan dalolat beradi.
Tarixiy manbalarda yozilishicha, Zarafshon daryosining ikki tomonida qadimiy Samarqandning 12 ta rustoqi, ya’ni tuman markazlari – mulkliklari bo‘lgan. Kabudan ana shunday rustoqlardan biri va u haqda dastlab Xitoy manbalarida ma’lumot beriladi. Ularda Kabudan Afrosiyobdan 2 farsaq uzoqlikda joylashgani haqida yozilgan. Kabudanga ta’rif berilib, u Afrosiyobning “yo‘ldosh shahri” sifatida tilga olingan. Kabudan dumaloq, sharqdan g‘arbga cho‘zilgan, janubdan shimolga toraygan, o‘rtasidan karvon yo‘li o‘tgan, deb ta’kidlangan. 738 yildagi “Chefu” (Xitoy manbaasi)da qayd etilishicha, G‘urak hukmronligi davrida uning o‘g‘li Turgar saltanatga kelgan vaqtda Kabudanda Mosen ismli hukmdor bo‘lgan va uning 1000 dan ortiq askari shahar mudofaasini ta’minlagan. Keyinchalik arab manbalarida bu shahar Kabudanжкат, deb nomlangan.
Ayni paytda yodgorlikni o‘rganish ishlari davom etmoqda va tadqiqotlar endi bu topilmalarni asrash, bu joyni ochiq osmon ostidagi muzeyga aylantirish zarurligini ta’kidlamoqda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/UVK4VwcY9bU" title="Jomboydagi arxeologik yodgorlikdan hukmdor saroyi qoldiqlari topildi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>G‘olib Hasanov, Alisher Isroilov (surat, video),
O‘zA muxbirlari