Jomboyda kannabis “plantatsiyasi” topildi
Shu kunlarda Samarqand viloyati hududida uyushgan jinoyatchilik va giyohvand vositalari tarqalishining oldini olish, profilaktik tadbirlarni kuchaytirish maqsadida ichki ishlar boshqarmasi tomonidan jinoyatchilikka qarshi kurash tezkor profilaktik oyligi o‘tkazilmoqda.
Mazkur oylik doirasida bugun viloyatning Jomboy tumanida ko‘p miqdorda “kannabis” o‘simligini yetishtirayotgan shaxs aniqlandi, deb xabar bermoqda viloyat IIB axborot xizmati.
Olingan tezkor ma’lumotga asosan Olmazor mahallasida yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan B.E. ning yashash uyida tintuv tergov harakati o‘tkazilganda uning tomorqasida 2160 tup “kannabis” giyohvandlik vositalariga o‘xshash o‘simliklar ekilganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, ushbu hovlidan 512 tup quruq holdagi kannabis giyohvandlik vositasi, uydagi ovqat pishirish pechi ichidan 100 gramm kannabis urug‘i saqlanayotganligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirib olindi.

O‘zA