Jizzaxdan Navroʻz xabarlari – qisqa satrlarda
Yurtimizda yasharish va yangilanish, ezgulik va saxovat bayrami boʻlgan Navroʻz shukuhi kezib yurgan shu kunlarda muhtojlar holidan xabar olish, ularning ogʻirini yengil qilish va dardiga malham boʻlish xalqimizga xos eng ezgu fazilatlardandir.
Jizzax viloyati Yangiobod tumani hokimligi hamda “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman boʻlinmasi hamkorligida bayram munosabati bilan tumandagi 80 nafar ehtiyojmand, boquvchisini yoʻqotgan, oilasida nogironligi boʻlgan, front orti mehnat faxriylari, “Temir daftar” hamda “Ayollar daftari” ga kiritilgan oilalar holidan xabar olib, ularga bayram sovgʻasi sifatida 10 turdagi kundalik zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari ulashilmoqda.
Bayram munosabati bilan bu kabi saxovat tadbirlari barcha mahallalarda davom etmoqda.

***
Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan Gʻallaorol tumanidagi barcha qishloq va mahalla fuqarolar yigʻinlarida bayram tadbirlari uyushtirilib, u yerda istiqomat qiluvchi barcha Ikkinchi jahon urushi, front orti va mehnat faxriylari holidan xabar olindi.
Jumladan, “Qashqabuloq” QFY hamda “Alamli” MFYlarda Navroʻz bayrami tadbiri tashkil etilib, toʻkin dasturxon yozildi, milliy xalq qoʻshiq, lapar, aytishuvlari, havaskor sanʼatkorlarning kuy-qoʻshiq va raqslari yangradi. Shuningdek, ushbu hududlardagi faxriylar, ehtiyojmandlar, bemorlar, boquvchisini yoʻqotganlar holidan xabar olinib, ularga bayram sovgʻalari ulashildi.
Bayram tadbirlari davomida 2 nafar mehnat faxriysi – “Qashqabuloq” QFYga qarashli “Obuz” qishlogʻida yashovchi Ikrom Nomozov hamda “Alamli” MFYda istiqomat qiluvchi Salohiddin Nazarovlarga “Gʻallaorol Faxri” medali hamda Faxriy yorliq topshirildi.

***
Navroʻz umumxalq bayrami munosabati bilan Jizzax viloyati ichki ishlar boshqarmasida qishloq xoʻjaligi hamda oziq-ovqat mahsulotlari yarmarkasi tashkil etildi.
Bayram munosabati bilan arzonlashtirilgan narxlardagi ushbu savdo yarmarkasi tashkilotchilari qishloq xoʻjalik mahsulotlaridan tashqari un, oʻsimlik yogʻi, shakar, goʻsht, sut va sut mahsulotlari hamda boshqa turli-tuman tovarlar tavsiya etildi.
Qutlugʻ sanalar munosabati bilan mahsulotlarning arzonlashtirilgan narxlardagi tez-tez uyushtirib turilayotgan bunday savdo yarmarkalari tashkilotchilariga tizimda mehnat qilayotgan barcha xodimlar minnatdorchilik bildirdi.

A.QAYUMOV (surat) OʻzA