Jizzaxdagi yangi inshootlar – farovon hayot mezoni
Mustaqillikning 35 yilligi butun mamlakatimiz bo‘ylab keng nishonlanayotgan shu kunlarda Jizzax viloyatida yangilanish va bunyodkorlik ishlari yangi bosqichga ko‘tarilayotganini alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Hududlarda barpo etilayotgan ijtimoiy ob’ektlar, ta’mirlanayotgan yo‘llar, zamonaviy jamoat maskanlari va xavfsizlik infratuzilmasi, avvalo, aholi uchun qulay va munosib hayot sharoitini yaratishga qaratilgani bilan ham ahamiyatlidir.
Viloyat hokimi Ulug‘bek Mustafoyev, jamoatchilik vakillari hamda soha mutasaddilari ishtirokida bir qator yangi va rekonstruksiya qilingan ob’ektlar Mustaqillikning 35 yilligiga bayram tuhfasi sifatida foydalanishga topshirildi.
Ularning har biri hayotning muayyan bir ehtiyojiga javob beradi. Olis hududlardagi o‘quvchilar uchun xavfsiz qatnov imkoniyati yaratilsa, shaharda piyodalar harakati uchun qulaylik oshirilmoqda. Transport infratuzilmasi yangilanib, tibbiy xizmat uchun yangi imkoniyatlar ochilmoqda. Mahalla va ichki ishlar organlari uchun zamonaviy binolar ish boshlayotgan bo‘lsa, aholining madaniy hordig‘i uchun yangi maskanlar bunyod etilmoqda.
Bu jarayonning bir qismi sifatida olis hududlarda joylashgan maktablarga 15 ta mikroavtobus topshirildi. Qiymati 6,5 milliard so‘m bo‘lgan ushbu transport vositalari o‘quvchilarning ta’lim muassasalariga xavfsiz va qulay qatnovini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, bolaning maktabga borishi oddiy qatnov emas, uning ta’lim olish huquqini to‘la ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq muhim masaladir.
Sharof Rashidov tumanida ham aholi hayotiga bevosita daxldor bir qator ob’ektlar foydalanishga topshirildi. Jumladan, “Mustaqillikning 35 yilligi” mahalla fuqarolar yig‘ini uchun yangi bino hamda ichki ishlar organlarining 1-son bo‘limi ish boshladi. Zamonaviy talablar asosida barpo etilgan mazkur inshootlar mahalla aholisiga xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, davlat xizmatlaridan foydalanish uchun qulay sharoit yaratish va jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
[gallery-31187]
Tumanda davlat ahamiyatiga ega avtomobil yo‘lining 9,2-kilometrida joylashgan yo‘l o‘tkazgichning ham kapital ta’miri yakunlandi. Umumiy uzunligi 1 ming 46 pogon metr bo‘lgan mazkur inshootda amalga oshirilgan ishlar natijasida uning texnik holati yaxshilandi. Endilikda ushbu yo‘nalishda harakatlanayotgan transport vositalari uchun yanada xavfsiz va qulay sharoit mavjud.
Jizzax shahridagi o‘zgarishlar esa shahar muhitining yanada qulaylashib borayotganini ko‘rsatmoqda. Sharof Rashidov va Buyuk Turon ko‘chalari kesishmasida yangi yer osti piyodalar yo‘lagi barpo etildi. Loyiha 2026-yil fevral oyida boshlangan bo‘lib, uning umumiy qiymati 29,5 milliard so‘mni tashkil etadi.
Yo‘l harakatida piyoda va transport vositalarining xavfsizligini ta’minlash bugun shahar infratuzilmasining eng muhim talablaridan biri. Shu jihatdan mazkur yer osti yo‘lagi shahar aholisi va mehmonlarining harakatlanishi uchun qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Jamoat xavfsizligi yo‘nalishida ham muhim qadam tashlandi. Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasida Tezkor boshqaruv markazi foydalanishga topshirildi. Markaz orqali hududdagi vaziyatni tezkor monitoring qilish, yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan holatlarni tahlil etish, mas’ul xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish va zarur choralarni o‘z vaqtida ko‘rish imkoniyatlari kengayadi.
Infratuzilmaning yana bir muhim yo‘nalishi – inson salomatligi. Jizzax shahridagi Bolalar shifoxonasining foydalanishga topshirilishi ham ana shu ezgu maqsadga xizmat qiladi. Zamonaviy talablar asosida tashkil etilgan tibbiyot muassasasi bolalarga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish, ular salomatligini muhofaza qilish va shifokorlar mehnati uchun zarur sharoitlarni yaratish imkonini kengaytiradi.
Shahar aholisining mazmunli hordig‘i va madaniy hayoti uchun esa 19,5 gektar maydonda barpo etilgan “Istiqlol” madaniyat va istirohat bog‘i o‘z eshiklarini ochdi.
Bog‘ hududida uchta attraksion, 15 ta savdo nuqtasi, beshta umumiy ovqatlanish shoxobchasi, yozgi teatr va favvora tashkil etilgan. Shuningdek, yettita yodgorlik va san’at asari, 700 metrlik yugurish va sayr qilish yo‘lagi hamda ikkita velosiped yo‘lagi barpo etilgan. Demak, bu maskan shunchaki sayrgoh emas, aholining bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan shug‘ullanishi va madaniy hordiq chiqarishi uchun qulay muhitga aylanadi.
Mustaqillikning 35 yilligi munosabati bilan amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlarining qamrovi bu bilan cheklanmaydi. Viloyat bo‘ylab, mustaqillik shukuhi kezib yurgan shu bugungi kunlarda 200 dan ortiq ijtimoiy soha ob’ektlari, yo‘l o‘tkazgichlari va jamoat bog‘lari barpo etilib, rekonstruksiya qilinib, foydalanishga topshirilayotir.
Muhimi, bugun Jizzaxda qad rostlayotgan har bir yangi inshootni faqat bunyodkorlik statistikasi bilan baholab bo‘lmaydi. Maktabga eltadigan avtobusda bolaning xavfsizligi, ta’mirlangan yo‘l o‘tkazgichda odamlarning osoyishta harakati, yangi shifoxonada bola salomatligi, zamonaviy markazda jamoat xavfsizligi, obod bog‘da esa insonning mazmunli dam olishga bo‘lgan ehtiyoji mujassam.
.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri