Jizzaxdagi Prezident maktabida birinchi qo‘ng‘iroq yangradi
“Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” ezgu g‘oyasi ostida Jizzax shahridagi Prezident maktabida birinchi qo‘ng‘iroq tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar ta’lim tizimida ham o‘z yorqin samaralarini berayotganini ta’kidladi. Davlatimiz rahbarining joriy yil 14 apreldagi “Prezident ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan maktablar tarmog‘ini kengaytirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida viloyatning har bir shahar, tumanlarida ayrim fanlarga ixtisoslashtirilayotgan maktablar tashkil etilayotgani xususida to‘xtaldi.
[gallery-8660]
– Jizzax shahridagi Prezident maktabida 168 o‘quvchiga 10 nafar xorijlik va 27 nafar mahalliy eng iqtidorli o‘qituvchi saboq berib kelmoqda, – deydi Prezident maktabi ijrochi direktori Alisher Axmuratov. – Joriy o‘quv yilida eng yuqori ball to‘play olgan 24 nafar o‘quvchini 5-sinfga qabul qildik.
Maktabimiz aniq va tabiiy fanlarga ixtisoslashgan. Darslar ingliz tilida o‘tiladi.
Prezident maktabida o‘quvchilarning yetuk bilim olishi uchun jahon andozalari talabiga to‘la javob beradigan sharoitlar mavjud. Ular maktab qoshida tashkil etilgan sport, san’at, rassomchilik va boshqa to‘garaklarda ishtirok etadi.
Birinchi qo‘ng‘iroq tantanali tadbiridan so‘ng viloyat hokimi Prezident maktabi o‘quvchilariga “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” mavzusida saboq o‘tdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA