Jizzaxdagi 50 gektarga yangi tutzor barpo etildi
Jizzax viloyatidagi “Al-Abbos Silk” pillani qayta ishlash korxonasi 50 gektar maydonda yangi tutzor barpo etdi.
Viloyatning iqlim sharoiti pillachilikni rivojlantirish uchun qulay. Ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanayotgan “O‘zipaksanoat” uyushmasi tizimidagi pillachilik korxonalari va fermerlar tarmoqni jadal rivojlantirmoqda.
Jizzax shahridagi korxona nafaqat xomashyoni qayta ishlash, uni yetishtirishda ham muvaffaqiyatli faoliyat yuritib kelayotgan korxonalardan biri. Bu yerda yuzta doimiy ish o‘rni yaratilgan. Pilla boqish mavsumida ishchilar soni 1 ming 200 nafardan oshmoqda.
[gallery-1220]
Korxonaga ipak qurti ozuqasi yetishtirish uchun Jizzax shahrining Sanzor mahallasi hududida 50 gektar bo‘sh yotgan maydon ajratib berildi. Korxona jamoasi ushbu maydonga 420 ming dona “Marhamat” navli tut ko‘chatlari ekib, yangi tutzor barpo etdi.
Mutaxassislarning fikricha, “Marhamat”ning boshqa tut navlariga qaraganda ozuqadorligi yuqori. Odatda bir gektardagi jaydari tut bargi 5 quti qurtni ozuqa bilan ta’minlasa, “Marhamat” navi bargi 50 quti qurtni boqishga yetadi.
Ayni paytda viloyatda 512 gektar tutzorda 5 million 600 ming tup tut ko‘chati bor. Bundan tashqari dala va yo‘l chetlariga 2 million 400 ming tup ekilgan.
Ozuqa bazasini mustahkamlashga e’tibor qaratilayotgani pillachilikni rivojlantirishda asosiy omil bo‘lmoqda. O‘tgan yili viloyatda 700 tonna pilla yetishtirilgan edi. Bu yil ko‘rsatkichni 750 tonnaga yetkazish rejalashtirilgan.
T. Beknazarov, J.Yorbekov (surat), O‘zA