Jizzaxda yuk tashish xizmati tartibga olinmoqda
Jizzax viloyatida yuk tashish sohasini tartibga solish borasida izchil va maqsadli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon nafaqat nazorat, balki tadbirkorni qo‘llab-quvvatlash, unga ishonchli huquqiy maydon yaratishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.
Viloyat prokuraturasi hamda soliq organlari tashabbusi bilan ichki ishlar organlarining yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalari va transport tizimi mas’ullari hamkorligida o‘tkazilayotgan keng ko‘lamli o‘rganish tadbirlari ana shu maqsadga xizmat qilmoqda. Ularning bosh g‘oyasi — yuk tashish bilan shug‘ullanuvchi haydovchilarni qo‘llab-quvvatlash, sohadagi noqonuniyliklarni bartaraf etish va faoliyatni shaffof, qonuniy asosga ko‘chirishdan iborat.
Jizzax shahrida amalga oshirilgan amaliy ishlar bu boradagi yondashuvning samaradorligini ko‘rsatmoqda. Xususan, faoliyati vaqtincha to‘xtab qolgan yakka tartibdagi tadbirkor Javohir Sharifovga tegishli yuk transporti faoliyati qayta tiklandi. Shu bilan birga, fuqarolar Ulug‘bek Ibragimov hamda Sardor O‘ktamovga qonuniy ishlashning afzalliklari atroflicha tushuntirilib, ularning faoliyatini rasmiylashtirish bo‘yicha amaliy ko‘mak ko‘rsatildi.
G‘allaorol tumanida o‘tkazilgan targ‘ibot va tushuntirish ishlari yanada ta’sirchan natija berdi. Qisqa vaqt ichida 16 nafar yuk transporti egasi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tdi. Bu esa nafaqat ularning huquqiy himoyasini ta’minladi, balki sohadagi yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga xizmat qildi.
[gallery-28754]
Forish tumanida ham ijobiy siljishlar kuzatildi. 20 dan ortiq yuk transporti uchun elektron hisob-faktura rasmiylashtirildi, 5 nafar haydovchi esa o‘z faoliyatini to‘liq qonuniylashtirdi. Natijada davlat byudjetiga qo‘shimcha tushumlar ta’minlanib, iqtisodiy intizom mustahkamlanmoqda.
E’tiborli jihati shundaki, bu kabi tadbirlar mamlakatimizda tadbirkorlikni rivojlantirish va uni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan davlat siyosatining izchil davomi hisoblanadi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 28-yanvardagi “Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida tadbirkorlik faoliyatini yanada erkinlashtirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliq ma’muriyatchiligini soddalashtirish ustuvor vazifalar sifatida belgilab berilgan. Jizzaxda amalga oshirilayotgan ishlar ana shu strategik maqsadlar ijrosining amaliy ifodasi bo‘lib xizmat qilmoqda.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA