Jizzaxda UNICEF tomonidan seminar tashkil etildi
Jizzax shahrida Birlashgan millatlar tashkilotining bolalar jamg‘armasi – UNICEF tomonidan respublika Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan hamkorlikda sohaga “Vaksina logistikasini boshqarish tizimi”ni joriy qilish maqsadida o‘quv-seminari o‘tkazildi.
Unda Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “IT-MED” mas’uliyati cheklangan jamiyati mas’ul xodimlari, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi, uning shahar va tuman bo‘limlari immunoprofilaktika bo‘limlari, vaksina saqlash omborlarining mudirlari, epidemiolog vrach yordamchilari ishtirok etdi.
Seminarda sohaga yangidan joriy etilayotgan “Vaksina logistikasini boshqarish tizimi”dan foydalanish qoidalari, vaksina saqlash omborxonalariga keltirilgan barcha turdagi vaksinalar miqdori, ularning yaroqlilik muddati, vaksinalar aylanmasi va zaxirasining holati haqida axborot almashish imkoniyatlari yuzasidan ma’lumot berildi.

Ishtirokchilar ushbu tizimdan foydalanish yuzasidan tayyorlangan sinov testlari topshirib, bilimlari sinovdan o‘tkazildi.
Shuningdek, viloyat sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlariga 28 dona zamonaviy kompyuter jamlanmasi, 1 dona noutbuk, 14 dona nusxa olish va chop etish qurilmasi, 14 dona optik tolali internet tarmog‘iga ulanish qurilmalari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA