Jizzaxda umummilliy test sinovlari o‘tkazildi
Jizzaxda matematika, ona tili va adabiyot fanlaridan sertifikatlash test sinovlarida ishtirok etish istagida my.dtm.uz sayti orqali onlayn ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar uchun 13-14 aprel kunlari test sinovlari o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 oktyabrdagi “Umumta’lim fanlarini bilish darajasini baholashning milliy test tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, 2020 yil 1 dekabrdan boshlab bosqichma-bosqich bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga mos fanlar majmuasidagi umumta’lim fanlaridan bilish darajasini baholashning Milliy test tizimini joriy etish nazarda tutilgan.
Mazkur qarorga muvofiq, Jizzax viloyatidan onlayn ro‘yxatdan o‘tgan va to‘lovni amalga oshirgan talabgorlar soni ona tili va adabiyot fanidan 34 nafarni, rus tili va adabiyoti fanidan 6 nafarni hamda matematika fanidan 27 nafarni tashkil qildi. Mazkur talabgorlar uchun Jizzax davlat pedagogika instituti akademik litseyi binosida milliy test sinovlari o‘tkazildi.
Test sinovlarini o‘tkazish uchun akademik litsey binosidan 1 ta 60 o‘rinli auditoriya tanlab olindi. Auditoriya har bir talabgor uchun 1 o‘rinli stol-stul, videokuzatuv qurilmalari, soat bilan jihozlandi. Talabgorlar Davlat test markazi tomonidan ruchka, ichimlik suvi (0,5 l), tibbiy niqob va qo‘lqop, antiseptik vositalar bilan ta’minlandi.
Test sinovlarini shaffof, adolat mezonlari asosida o‘tkazish, jamoat tartibini saqlash uchun ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari, karantin talablaridan kelib chiqqan holda, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik markazi xodimlari, tibbiyot xodimlari jarayon uchun jalb qilindi.
Test sinovlari uchun 3 soat vaqt ajratilgan.
– Talabgorlar test sinovlari jarayoniga tana haroratlari o‘lchanib, tibbiyot niqobi va qo‘lqop bilan ta’minlangan holda, ichki ishlar va milliy gvardiya xodimlari tomonidan tekshirib kiritildi, – deydi viloyat davlat test markazining rahbari Ibrohim Xotamov. –Test sinovlari jarayoni to‘liq videokuzatuv moslamalari yordamida yozib olindi.
Viloyat davlat test markazining ma’lumotiga ko‘ra, 13 aprel kuni ona tili va adabiyoti (rus tili va adabiyoti) fanidan jami 40 nafar talabgor uchun, 14 aprel kuni matematika fanidan jami 27 nafar talabgor uchun test sinovlari o‘tkazilgan. Test sinovlari soat 10:00 da boshlandi va 13:00 da yakunlandi. 13 aprel kuni 40 nafar talabgordan 3 nafari, 14 aprel kuni 27 nafar talabgordan 2 nafari test sinovlariga no’malum sabablarga ko‘ra qatnashmagan.
Test sinovlari natijalari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining yuqorida nomi keltirib o‘tilgan qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra test sinovlari yakunlangan kundan boshlab yigirma ish kunidan kechikmay Davlat test markazining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
[gallery-2037]
T. Beknazarov, J. Yorbekov (surat), O‘zA