Jizzaxda «Sambhram» universiteti tashkil etildi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Jizzax shahrida «Sambhram» universitetini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan Hindiston kompaniyalari ishtirokida Jizzax shahrida «Sambhram» universiteti tashkil etildi.
Ma’lumki, yurtimizda oliy ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlar natijasida talabalar kontingenti o‘rtacha 3 barobargacha oshdi, qabul kvotalari ko‘paydi, bakalavriat va magistraturaga qabul jarayonlari shaffoflashdi. Natijada o‘qishga iste’dodli va qobiliyatli yoshlarni qabul qilish tizimi yaratildi. Shuningdek, xalqaro reytinglarda yuqori ko‘rsatkichlarga ega bo‘lgan nufuzli xorijiy oliy ta’lim muassasalarining filiallari ochilmoqda. Bu esa mamlakatimiz yoshlarining oliy ta’lim olishga bo‘lgan intilishlariga yanada qanot bag‘ishlamoqda.
Nodavlat oliy ta’lim tashkiloti sifatida tashkil etilgan «Sambhram» universiteti ham talaba bo‘lish orzusidagi yoshlar uchun yana bir imkoniyat eshiklaridan biri hisoblanadi. Universitet axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasida oliy ma’lumotli kadrlar tayyorlashga qaratilgan bo‘lib, mazkur yo‘nalishda faoliyatini yo‘lga qo‘yadi.
Qarorga ko‘ra, universitetda o‘qitish kunduzgi ta’lim shaklida o‘zbek, ingliz va rus tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi. Bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklariga qabul parametrlari universitet tomonidan belgilanadi. Universitet bitiruvchilariga O‘zbekiston va Hindistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan diplom beriladi.
Universitetga har yili qabul qilinadigan talabalarning 20 foizini o‘qitish uchun imtiyozli ta’lim grantlari ajratiladi. Bu talabalarning 5 foizini bepul o‘qitish, 5 foiziga 50 foizli, 10 foiziga 25 foizli to‘lov-kontrakt miqdorini to‘lab berish bo‘yicha imtiyozlar taqdim etilishini anglatadi.
Muhtarama Komilova, O‘zA