Jizzaxda “Salomatlik sayillari” boshlandi
Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan mamlakatimizning barcha hududlarida “Salomatlik sayllari” oyligi o‘tkazilmoqda.
“Salomatlik sayillari” oyligi davomida mamlakatimizdagi jami 208 ta tuman va shaharda respublikadan jalb qilingan 300 nafarga yaqin nufuzli mutaxassislar, shuningdek, 17 ming 500 ta tibbiy brigada va 175 ming nafardan ortiq mahalliy tibbiyot xodimlari ishtirokida profilaktik tibbiy ko‘riklar, skrining dasturlari va sog‘lomlashtirish tadbirlari tashkil etilishi belgilangan.

Ushbu oylik davomida ijtimoiy himoyaga muhtoj, surunkali kasalligi bor bemorlarni hududlarning o‘zida belgilangan tartibda yuqori texnologik muolajalar orqali sog‘lomlashtirish choralari ko‘riladi va fuqarolar chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkaziladi.
Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori M.Tillyashayxov boshchiligidagi 19 nafar yetakchi mutaxassis Jizzax shahriga keldi va viloyat bo‘ylab “Salomatlik sayllari”boshlandi.

Shaharning “O‘ratepalik” mahalla fuqarolar yig‘inidagi 14-sonli umumta’lim maktabida Respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot markazlari hamda viloyatdagi davolash-profilaktika muassasalarining yetakchi mutaxassislari tomonidan shaharning 531 nafar aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Ularning 217 nafarida surunkali va boshqa turli xil kasalliklar borligi aniqlandi. Tibbiy tekshiruvlar natijalariga ko‘ra qo‘yilgan tashxislarga asosan aniqlangan kasallikka qarab bemorlarga ambulator davolanishlari uchun yo‘llanmalar berildi.

– Ushbu ko‘riklarga surunkali xastaligi bor, viloyat va respublika darajasidagi tibbiy yordamga muhtoj bemorlar ko‘p tarmoqli poliklinikalarga taklif etilsa, o‘zgalar parvarishiga muhtoj keksalar, yotib qolgan, nogironligi bor shaxslar uchun esa mutaxassislar ularning xonadonlariga borib, sayyor tekshiruvlar tashkil etilishi rejalashtirilgan, – deydi Jizzax viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi Axborot xizmati rahbari Farhod Ne’matov. – Ko‘riklar natijasida kasalligi aniqlangan fuqarolar uchun individual sog‘lomlashtirish rejasi tuzilib, unga muvofiq, bemorlar ambulator, uy shifoxonasi yoki kunduzgi shifoxona sharoitida, tuman–viloyat–respublika darajasida davolanuvchi toifalarga ajratiladi.
Shuningdek, ambulator, uy shifoxona va kunduzgi shifoxonada davolanadigan bemorlarga poliklinika va oilaviy shifokor punktlari orqali mavjud dori-darmon va sarflov materiallari bepul beriladi.

Tuman va viloyat darajasida davolanadigan bemorlarga tegishli yo‘llanmalar rasmiylashtirilib, Respublika ishchi guruhlari tomonidan ijtimoiy himoyaga muhtoj aholiga ko‘rsatma asosida hududning o‘zida yuqori texnologik muolajalar o‘tkaziladi.
Mazkur ommaviy tibbiy ko‘riklarni ro‘zador bemorlarga qulaylik yaratish maqsadida soat ertalab soat 10:00 dan peshindan keyin – soat 16:00 gacha etib belgilangan.
Jizzax shahrida o‘tkazilgan “Salomatlik sayillari” aksiyasi doirasida profilaktik va skrining tekshiruvlar ham o‘tkazildi. Respublika SSV tashabbusi bilan boshlangan “Salomatlik sayillari” oyligi belgilangan grafik asosida Jizzax viloyatining boshqa hududlarida ham davom etmoqda.
A.QAYUMOV,
J.YORBEKOV (surat), O‘zA