Jizzaxda iste’molchilar huquqi qanday himoya qilinmoqda?
Jizzaxda O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi viloyat hududiy boshqarmasida matbuot anjumani tashkil etildi.
Mutasaddi tashkilotlar mutaxassislari, respublika va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari, blogerlar, “Yosh jurnalistlar maktabi” tinglovchilari ishtirok etgan tadbirda qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi tomonidan joriy yil o‘tgan 1-choragi davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan atroflicha axborot berildi.
Prezidentimizning 2019 yil 24 yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi va uning viloyat boshqarmalari tashkil etildi.

Ma’lum qilinishicha, yuridik va jismoniy shaxslar murojaatlari bo‘yicha hududiy boshqarmaga 2022 yil 1-choragi davomida 174 ta murojaat kelib tushgan. Shundan 54 tasi kommunal, 19 tasi aloqa va transport, 3 tasi bank, 63 tasi savdo, maishiy va qurilish xizmati, 14 tasi dorixona va tibbiy xizmat ko‘rsatish, 20 tasi reklama va 1 tasi monopol korxonalar davlat reyestridan chiqarish sohalariga oid masalalardan iborat.
Jami murojaatlarning 138 tasi to‘liq ijobiy hal etilgan bo‘lsa, 23 tasiga kerakli tushuntirishlar berildi, o‘rganish vaqt talab qilgan 13 ta murojaat tegishli idoralarga yuborilib, ijrosi nazoratga olingan. Ushbu murojaatlar boshqarma mutasaddilari tomonidan tegishli tartibda atroflicha o‘rganib chiqilib, 287 million 500 ming so‘m mablag‘ iste’molchilar foydasiga hal etilgan.
O‘zbekiston Respublikasining “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga rioya etilishini nazorat qilish yuzasidan viloyat ichki bozorlarida sotilayotgan asosiy turdagi iste’mol tovarlari hisoblangan mahalliy un va qolipli nonning chakana narxlariga amal qilinishi va mahalliy un mahsulotlarining joylarga yetkazib berilganligi yuzasidan o‘tkazilgan o‘rganish natijalariga ko‘ra, Zafarobod tumani “Chimqurg‘on” qishloq fuqarolar yig‘ini hududidagi 2 ming 339 nafar aholiga 8 tonna mahalliy un mahsuloti dislokatsiyaga kiritilgan va “Ekozona” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan iste’molchilarga 22 million 400 ming so‘mlik mahsulot yetkazib berilmaganligi aniqlangan. Ushbu holat yuzasidan hududiy boshqarmaning aralashuvi natijasida Zafarobod tumani “Chimqurg‘on” QFY aholisiga yetkazib berilmagan 8 tonna mahalliy un mahsuloti joriy yilning 19 yanvar kuni Zafarobod tumani “FAVARITE SARVARBEK” MCHJ tomonidan yetkazib berilishi ta’minlandi.

– Boshqarma xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunining 4- va 6-moddalari talablariga rioya etilishi yuzasidan viloyatdagi 18 ta dehqon bozorida o‘rganishlar o‘tkazilganida tarozilarning Vazirlar Mahkamasining 2012 yil 28 avgustdagi 253-sonli qarori talablariga zid holatda qiyoslov muddati o‘tib ketganlik holatlari aniqlandi, – deydi viloyat monopoliyaga qarshi kurashish hududiy boshqarmasi boshlig‘i Ilhom Mamatqulov. – Ushbu holat yuzasidan iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va reklama to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun ish qo‘zg‘atish dastlabki holatni tiklash bo‘yicha yozma ko‘rsatmalar yuborildi va xatolik to‘liq bartaraf etilib, boshqarmaning yozma ko‘rsatmasiga asosan tegishli idoralar tomonidan aybdorlarga nisbatan tegishli jazo qo‘llanildi.

Shuningdek, viloyat hududidagi “UZAVTO MOTORS” aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 5 ta dilerlik tashkilotlari tomonidan avtomobillarni tuzilgan shartnomalarga muvofiq yetkazib berilishi bo‘yicha 180 holatda avtomobillar iste’molchilarga belgilangan muddatlarda yetkazib berilmagan. Natijada iste’molchilarga kechiktirilgan kun uchun hisoblangan 0,01 foiz penya bir oy muddatda o‘zaro hisob-kitob qilinishi to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktyabrdagi 225-sonli qaroriga asosan tegishli tartibda ish qo‘zg‘atilib, hududiy tuzilmaning yozma ko‘rsatmalari yuborildi va jami 25 million 800 ming so‘m miqdorida iste’molchilar bilan o‘zaro hisob-kitob qilindi.
Viloyat hududida 14 ta tibbiyot muassasasi tomonidan berilgan ko‘rsatmalarga asosan, “O‘zbekiston Respublikasi milliy metrologiya instituti” Davlat muassasasi Jizzax viloyat filiali bilan tuzilgan shartnomalarga muvofiq, jami 111 ta tibbiyot uskunalari qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilishi ta’minlandi. Natijada, 261 ming 230 nafar nomuayyan iste’molchining huquqlari tiklanib, o‘z navbatida ushbu holatda bemorlarga tashxis qo‘yish va davolashda ayanchli holatlarning oldi olingan.
Bundan tashqari, qo‘mitaning viloyat hududiy boshqarmasi xodimlari tomonidan yana bir qator sohalarda qonun buzilish holatlari qayd etilib, bu haqda tegishli tashkilotlarga yozma ravishda ma’lum qilingan. Buning natijasida yuridik va jismoniy shaxslarning hamda iste’molchilarning huquqlari tiklangan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA