Jizzaxda bolalar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilmoqda
Jizzax viloyatida Respublika bolalar milliy tibbiyot markazining bir guruh malakali mutaxassislari bolalarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqda.
Tadbir avvalida viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida shifokorlar uchun seminar-trening o‘tkazildi. Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi rahbari Murod Jafarov va markazning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan seminarni viloyatdagi shahar va tuman tibbiyot birlashmalari bolalar shifokorlari ham “Zoom” platformasi orqali onlayn kuzatishdi.
Shu kunning o‘zida markazdan kelgan shifokorlar tomonidan viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markazida 50 nafar bola chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi. Shifokorlar tomonidan bemorlarning ota-onalariga zaruriy tavsiya va maslahatlar berildi. Kasalligi murakkab bo‘lgan bolalarga markaz sharoitida davolanish uchun yo‘llanmalar berildi.
– Qizim to‘qqiz yoshda. Kuyish natijasida badanida dag‘al chandiqdar paydo bo‘lgan, hozir mutaxassislar ko‘rib, kerakli tavsiyalarni berdi. Aytilgan muolajalarni olganimizdan so‘ng, ushbu mutaxassislarning o‘zlari chandiqlarni jarrohlik yo‘li bilan bartaraf qilarkan. Davlatimiz tomonidan ko‘rsataliyotgan shunday e’tibor va g‘amxo‘rliklardan xursandman. – dedi g‘allaorollik Surayyo To‘raqulova.
– Ushbu tashrifimizning asosiy maqsadi jizzaxlik bolalarning salomatligini nazoratdan o‘tkazish, bemorlarni bugungi pandemiya sharoitida Toshkent va boshqa shaharlarga borib ovora bo‘lmasliklari uchun qulaylik yaratish, – deydi Respublika bolalar milliy tibbiyot markazi direktori Murod Jafarov. – Hafta davomida Janubiy Koreyada malaka oshirib kelgan 10 nafar mutaxassislarimiz ishini, jumladan murakkab jarrohlik amaliyotlarini jizzaxlik hamkasblarimiz bevosita kuzatib boradilar. Shuningdek ularni malakasini oshirish bo‘yicha mahorat darslari o‘tkazamiz.
Ushbu xayrli tadbir davomida Janubiy Koreyaning KOFIH va KOIKA xalqaro fondi tomonidan viloyat ko‘p tarmoqli bolalar tibbiyot markaziga 50 dona antiseptik qo‘l yuvish uskunasi sovg‘a qilindi.
T.BEKNAZAROV, O‘zA