Jizzaxda 96 million so‘mlik aldov fosh etildi
Jizzax viloyatida mansab vakolatlarini suiiste’mol qilish orqali noqonuniy daromad olishga urinish bilan bog‘liq holatga chek qo‘yildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Jizzax hududiy elektr tarmoqlari muhandisi sifatida faoliyat yuritgan shaxs A. A. o‘z vakolatiga kirmaydigan masalada fuqaro Sh. M.ni ishontirib, pul mablag‘i evaziga xizmat ko‘rsatishni va’da qilgan. U M39 xalqaro avtomagistrali bo‘yida joylashgan umumiy ovqatlanish shoxobchalari oldiga elektromobillar uchun quvvatlash stansiyalarini o‘rnatishga doir hujjatlarni rasmiylashtirib berishni taklif etgan.
Ushbu “xizmati” uchun 192 million so‘m talab qilingan. Mablag‘ning yarmini, ya’ni 96 million so‘mini Jizzax shahrida olayotgan vaqtda huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan A. A. ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi. Tezkor tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida amalga oshirilgan.
Hozir mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Mazkur holat bir qarashda yakka huquqbuzarlikdek ko‘ringani bilan, aslida. tizimli masalani – vakolat doirasini bilmaslik yoki uni ataylab chetlab o‘tish orqali manfaat izlash illatini ochib beradi. Ayniqsa, so‘nggi yillarda mamlakatda “yashil” energetika va elektr transporti infratuzilmasini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotgan bir paytda bu kabi noqonuniy “vositachilik”lar sohaning sog‘lom rivojiga putur yetkazishi shubhasiz.
Shu nuqtai nazardan, davlat idoralarida faoliyat yuritayotgan har bir xodim nafaqat o‘z vazifasini, balki o‘z mas’uliyati chegarasini ham aniq anglashi zarur. Zero, ishonchga soya soladigan har qanday xatti-harakatga qonun ustuvorligi asosida qat’iy baho berilishi muqarrar.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri