Jizzax xalqaro reytingda Yerevan va Konya shaharlari bilan bir qatorga chiqdi
"Fitch Ratings" agentligi Jizzax viloyati reytingini Toshkent shahri va Farg‘ona viloyati ko‘rsatkichlari bilan bir xil darajada baholadi. Xalqaro miqyosda viloyat Yerevan va Konya shaharlari bilan teng maqomga ega bo‘ldi. Bu haqda viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zafar Azimov ma’lum qildi.
2026-yil 16-oktabr kuni e’lon qilingan baholash Jizzaxning iqtisodiy salohiyatini xalqaro mezonlar asosida namoyon etdi. Agentlik hisobotida viloyat O‘zbekistonning jadal rivojlanayotgan hududlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Iqtisodiy o‘sish sur’ati mamlakat o‘rtacha ko‘rsatkichidan yuqori ekani qayd etildi. Sanoat va qishloq xo‘jaligi esa iqtisodiy taraqqiyotning asosiy tayanch tarmoqlari sifatida baholandi.
E’tiborli jihati, Jizzaxning reytingi Farg‘ona viloyati va Toshkent shahri ko‘rsatkichlari bilan bir xil. Xalqaro qiyoslashda esa viloyat Armanistonning Yerevan shahri va Turkiyaning Konya munitsipaliteti bilan teng darajada baholangan. Bu hududning xalqaro iqtisodiy maydondagi o‘rnini belgilashda muhim ko‘rsatkichdir.

Viloyat hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari – iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi boshlig‘i Zafar Azimov reytingning amaliy ahamiyatiga to‘xtaldi. Investorlar “Fitch Ratings” kabi xalqaro tashkilotlarning xulosasiga tayanadi, dedi u.
Darhaqiqat, xalqaro reyting investorlarga hududning moliyaviy salohiyatini mustaqil baholash imkonini beradi. Bu sanoat korxonalarini joylashtirish, eksportbop ishlab chiqarishni kengaytirish va infratuzilma loyihalariga sarmoya jalb etishda muhim omildir.

Jizzaxda xalqaro moliya institutlari bilan hamkorlik allaqachon amaliy natijalar bermoqda. Masalan, Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi “Shaharlarni kompleks rivojlantirish” dasturi doirasida 35,4 million dollar yo‘naltirilgan. Mablag‘lar 2023-2027-yillarda Jizzax shahri infratuzilmasini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Dasturning birinchi bosqichida ichimlik suvi va oqova suv tarmoqlari kengaytirilmoqda. Jumladan, 49,4 kilometr ichimlik suvi va 14,1 kilometr oqova suv tarmog‘i barpo etish belgilangan. Shuningdek, 12,5 kilometr magistral suv quvuri qurish ko‘zda tutilgan. Ichki yo‘llarning 29,3 kilometri rekonstruksiya qilinadi.

Ikkinchi bosqichda suv ta’minoti samaradorligini oshirishga 9,9 million dollar ajratish rejalashtirilgan. Bu mablag‘lar suv ta’minoti jarayonlarini masofadan kuzatish va boshqarish imkonini beruvchi SCADA (avtomatlashtirilgan nazorat va boshqaruv) tizimini joriy etishga sarflanadi. Shuningdek, loyiha 22 ta maxsus texnika xarid qilishga yo‘naltiriladi. Chiqindilarni yig‘ish va tashishda elektr transport vositalaridan foydalanish ham nazarda tutilgan.
Yana bir yirik loyiha beshta tumanda amalga oshirilmoqda. Osiyo taraqqiyot banki hamkorligida 2024-2032-yillarda 19,8 million dollarlik ishlar bajariladi. Loyiha doirasida 83 kilometr sement-beton avtomobil yo‘llari quriladi.

Zafar Azimovning ta’kidlashicha, xalqaro reyting bunday hamkorlikni rivojlantirishda qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Reytingning yana bir muhim jihati moliyaviy intizomni kuchaytirishga turtki berishidir. Fitch hisobotida viloyatning risk profili “zaifroq” deb baholangan. Bu mahalliy byudjet daromadlari va xarajatlarini samarali boshqarish zarurligini ko‘rsatadi.

Xususan, 2025-yilda transfertlar viloyatning operatsion daromadlari prognoz ko‘rsatkichlariga ko‘ra 51 foizini tashkil etgan. Soliq tushumlari ulushi esa 44 foizga teng bo‘lgan. Demak, mahalliy daromad manbalarini kengaytirish moliyaviy barqarorlikning muhim shartidir.
Zafar Azimov bu borada xalqaro reytingning boshqaruv jarayonlariga ta’sirini alohida ta’kidlaydi.
–Reyting byudjet jarayonlarini boshqarishda va moliyaviy intizomni kuchaytirishga yordam beradi,–deydi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari.

Xalqaro reyting shunchaki nufuzli ko‘rsatkich emas. U hududning iqtisodiy imkoniyatlarini namoyon etish bilan birga, mavjud moliyaviy xatarlarni ham ochib beradi. Endi Jizzax oldidagi muhim vazifa erishilgan natijani investitsiya, yangi ish o‘rinlari va barqaror iqtisodiy o‘sishga aylantirishdir.
Abdujalol Qayumov,
O‘zA muxbiri