Jizzax viloyatida Prezident maktabi rasman faoliyat boshladi
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda viloyathoyeimligi mas’ullari,i sektorlar rahbarlari, Oliy Majlis Senati a’zolari, “O‘zbekiston Qahramoni” unvoni sohiblari, mehnat faxriylari, ushbu maktab o‘qituvchi va o‘quvchilari, o‘quvchilarning ota-onalari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda Jizzax viloyati hokimi Ergash Soliyev, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova va boshqalar davlatimiz rahbarining 2019 yil 20 fevraldagi “Prezident maktablarini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori xalq ta’limi tizimidagi yangilanishlar ko‘lamini yanada kengaytirgani, ushbu qarorga asosan respublikamizda tashkil etilgan Prezident maktablari jumladan, ushbu ta’lim muassasasi ham ko‘plab iqtidorli yoshlarga o‘z quchog‘ini ochganini ta’kidladi.
Mazkur Prezident maktabiga o‘qishga kirish uchun 10 mingdan ortiq o‘quvchi hujjat topshirgan. Ular orasidan bir necha bosqichli sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, 144 nafar o‘quvchi o‘qishga qabul qilindi.
“Yolarimiz orasida iste’dodlilari, bilimdonlari juda ko‘p. Prezident maktabiga esa chin ma’noda, ularning eng iqtidorlilari va bilimlilari qabul qilindi. Shuni bilingki, siz – Prezident maktabining 144 nafar o‘quvchisi viloyatimiz maktablaridagi 260 ming nafarga yaqin o‘g‘il-qizlarimiz orasidan eng sarasi, bilimdoni, iqtidorlisi sifatida bu yerga keldingiz. Ya’ni, har 1 ming 900 o‘quvchining 1 nafariga mana shu muqaddas dargohda o‘qish baxti nasib etdi. Bunga albatta, kuchli bilimingiz, tafakkur va dunyoqarashingiz tufayli, ta’bir joiz bo‘lsa, hayotingizdagi ilk sinovdan muvaffaqiyatli o‘tib, erishib turibsiz. Bu ham juda katta sharaf. Shu bilan birga ulkan mas’uliyatdir”, dedi viloyat hokimi tabrigida.
– Eng qobiliyatli o‘quvchilar tanlab olinib, ularga matematika, fizika, kimyo, biologiya va axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim metodologiyalari xalqaro standartlar, ushbu maktabdagi o‘quv-tarbiya jarayonlari xalqaro Cambridge Assessment International Education ta’lim sistemasi va mahalliy ta’lim tizimi integratsiyalashgan holda tashkil etilgan, – deydi Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi direktori Hilola Umarova. – Ta’lim jarayoni rivojlangan davlatlar tajribasi asosida ishlab chiqilgan o‘quv rejalari va dasturlari bo‘yicha ingliz tilida olib boriladi. Shu bilan birga, maktablarga malakali xorijlik hamda mahalliy pedagoglar jalb etilib, ularning faoliyati uchun kerakli sharoitlar yaratilgan.
[gallery-4643]
Maktabga bir necha bosqichli sinovlar asosida tanlangan eng kuchli mamlakatimiz pedagoglari va xorijlik yetuk mutaxassislar ishga qabul qilindi. Jumladan, mazkur maktabda Fillipindan 3 nafar, Hindistondan 2 nafar, Xorvatiya, Pokiston, Buyuk Britaniya va Shotlandiyadan 1 nafardan jami 9 nafar xorijlik malakali o‘qituvchi yoshlarga ta’lim beradi.
Mana shu kabi yuqori sifatli ta’lim sharoiti, hech shubhasiz, mamlakatimizning yaqin kelajak istiqboli uchun juda katta imkoniyatlar eshigini ochib beradi.
Tadbirdan so‘ng ishtirokchilar o‘quvchi va o‘qituvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Qisqa fursat ichida 70 milliard 700 million so‘m byudjet mablag‘lari evaziga bunyod etilgan mazkur muassasada o‘quvchilar uchun 120 o‘rinli oshxona, 50 o‘rinli maktab kutubxonasi mavjud.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA