Jizzax viloyati yangiliklari – qisqa satrlarda
Baxmal tumani hokimligi tashabbusi bilan hududdagi «n» harbiy qismda sheʼriyat mulkining sultoni Mir Alisher Navoiy hamda shoir va sarkarda Zahiriddin Muhammad Bobur tavallud kuniga bagʻishlab “Balli ayollar” koʻrik-tanlovi boʻlib oʻtdi.
Ushbu koʻrik-tanlovda harbiy xizmatchilarning turmush oʻrtoqlarining 4 ta: hazrat Navoiy hamda Bobur asarlari yuzasidan bilimlari, harbiylarning ayollari bilishi lozim boʻlgan vazifalar, pazandalik hamda erkin mavzu shartlar boʻyicha iqtidorlari sinovdan oʻtkazildi.
Gʻolib, sovrindor va turli nominatsiya sohibalari tuman hokimligi tomonidan ragʻbatlantirildi.
* * *
Doʻstlik tumanidagi “Navroʻz” mahallasida tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga huquqiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash maqsadida ommaviy sayyor qabul oʻtkazildi.

Unda Jizzax viloyati sudlari raislari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining viloyatidagi Xalq qabulxonalari mudirlari, Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash viloyat boshqarmasi hamda shahar, tuman boʻlimlari boshliqlari ishtirok etdi.
Sayyor qabulda sud-huquq masalalari va tumandagi “Ayollar daftari”ga kiritilgan, tazyiq va zoʻravonlikka uchragan xotin-qizlarga samarali va huquqiy yordam koʻrsatilishini taʼminlash masalalari koʻrib chiqildi.
* * *
Forish tuman Xalq taʼlimi boʻlimi xodimlari ishtirokida din ishlari boʻyicha qoʻmitaning bosh mutaxassisi, IIB tezkor xodimi, tuman adliya boʻlimi hamkorlikda diniy aqidaparastlik, ekstremizm va terrorizm bilan bogʻliq tahdidlarning oldini olish, korrupsiya, diniy sohada amalga oshirilayotgan davlat siyosatini tushuntirishga qaratilgan uchrashuv oʻtkazildi.

Unda respublikada amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar, dress-kod talablariga rioya qilish, mutaassib oqimlar tomonidan ijtimoiy tarmoq platformalarida ilgari surilayotgan daʼvolar, yoshlar orasida diniy aqidaparastlik va mutaassiblik gʻoyalari tarqalishining oldini olish yuzasidan kerakli topshiriq va tavsiyalar berildi va tushuntirildi.
* * *
Zarbdor tumanida “Zarbdor toza urugʻ tomorqa xizmati” faoliyat boshladi.
Tumandagi 2-sektor hududida joylashgan “Tozaurugʻ” mahalla fuqarolar yigʻinida tuman hokimi Z.Roʻziyev hamda tuman prokurori M.Xoʻjamqulov boshchiligida “Tozaurugʻ sara sabzavotlar” fermer xoʻjaligi tomonidan ajratilgan 10 gektar yer maydonida “Zarbdor toza urugʻ tomorqa xizmati” tashkil etilib, 50 nafar fuqaroga dehqonchilik qilishi uchun yer maydoni ajratib berildi.
* * *
Gʻallaorol tuman IIB boshligʻi, 3-sektor rahbari tashabbusi bilan madaniyat va Yoshlar ishlari agentligi tuman boʻlimlari hamkorligida “Samarqand” MFY hududidagi “Barkamol avlod” bolalar ijodiyot maktabi hovlisi “Gulxan atrofida” madaniy, maʼrifiy va badiiy tadbir tashkil etildi.
Tadbirda yoshlar mushoirasi tashkil etilib, shoʻx qoʻshiqlar va raqslar ijro etildi.
“Gulxan atrofida”gi kechada “Samarqand” mahallasida istiqomat qiluvchi 2 nafar yoshga oʻz-oʻzini band qilishlari uchun yuk mototsiklining kalitlari topshirildi.
Ushbu “Gulxan atrofida” loyihasi tumanning har bir mahallasida davom etishi rejalashtirilgan.
* * *
Zomin tumanida yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, ularni sportga jalb qilish maqsadida “Xalqobod” MFY hududida joylashgan 60-sonli umumtaʼlim maktabi sport zalida uyushmagan mahalla yoshlari oʻrtasida sportning basketbol turi boʻyicha musobaqa tashkil etildi.
Ushbu bellashuvga “Oqtepa” hamda Sh.Rashidov mahallalaridan ham jamoalar taklif etilib, musobaqalarda 18 dan 30 yoshgacha boʻlgan havaskor basketbolchilar bahslashdi.
Gʻolib va sovrindorlar tuman hokimining diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
* * *
Yangiobodda tuman hokimi, 1-sektor rahbari Ibrohim Qarshiboyevning yoshlar bilan ochiq muloqoti tashkil etilib, ularning muammo, taklif va tashabbuslari tinglandi.
Yoshlar bandligini taʼminlash, ularni tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish va bu sohada yaratilayotgan imkoniyatlarga bagʻishlab tashkil etilgan ochiq muloqot davomida yoshlar tadbirkorlik, bandlik kabi masalalar yuzasidan murojaat qildi. Ushbu masalalarning asosiy qismi joyida ijobiy hal etildi.

Uchrashuv soʻngida bir guruh tashabbuskor yoshlarga tuman hokimining sovgʻalari topshirildi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), OʻzA