Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Paxtakor tumani “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida aholiga qulaylik yaratish, fuqarolarning mazmunli dam olishini tashkil etish maqsadida “Sohilbo‘yi dam olish maskani”ni barpo etish loyihasi ishlab chiqildi.

Joriy yil yakuniga qadar to‘liq ishga tushirilishi mo‘ljallangan loyihaning ahamiyati, bunda tijorat egalari va mehmonlar uchun qator savdo va servis, ko‘ngilochar xizmat turlari taklif etilmoqda.
Ayni kunda, “E-auksion” dasturi orqali sohil bo‘yi loyihasida ko‘p yillik ijaraga joy rasmiylashtirib berilayotgani ham biznes egalari uchun katta imkoniyat bo‘lmoqda.


***
Zafarobod tumanida “Kambag‘allikdan farovonlik sari” tamoyili asosida ijtimoiy himoyaga muhtoj xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida amaliy ishlar davom etmoqda.

Madaniyat vazirligi mas’ullari tomonidan avvalroq bir guruh zafarobodlik ayollarga tikuv mashinalari berilib, ularning kasb-hunarga yo‘naltirilishiga zamin yaratilgan edi. Bugun esa, ular o‘z mehnati orqali daromad topishlari uchun har biriga 100 metrdan mato tarqatilib, paxta yig‘im-terimi uchun fartuklar tikish vazifasi topshirildi.
Bu tashabbus xotin-qizlarni mehnatga va mustaqil daromad manbaiga ega bo‘lishga undab, ularning turmush sharoiti yaxshilanishiga xizmat qiladi.

***
Jizzax viloyati IIB tomonidan Sharof Rashidov tumanida jinoyatchilikka qarshi kurashish va uning oldini olish, kriminogen vaziyatni o‘nglash borasidagi ishlar muhokamasiga qaratilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat IIB boshlig‘i hududda jinoyatchilikni jilovlash, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash va mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi. Shuningdek, yer sotish bilan bog‘liq firibgarlik, ikki kishi o‘rtasidagi nizo hamda sodir etilgan yo‘l-ulov hodisasi tafsilotlari ma’lum qilinib, qonunbuzarliklar sodir etilishiga sabab bo‘lgan omillar tilga olindi.
Muhokama chog‘ida hududda kelgusida huquqbuzarlik va jinoyatlar sodir etilishining oldini olish va aholi uchun xavfsiz hudud yaratishga qaratilgan aniq vazifalar belgilandi va mas’ullarga aniq topshiriqlar berildi.

***
Jizzax viloyati hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Gulnora Normurodova Baxmal tumanidagi “O‘rmonchi” MFYda faoliyat yuritayotgan “Oqila ayollar harakati” a’zolari bilan uchrashdi.

Uchrashuv davomida yaqinda foydalanishga topshirilgan “Uyluqma” oilaviy shifokorlik punkti faoliyati va u yerda yaratilgan sharoitlar o‘rganildi. Shuningdek, o‘rganish jarayonida oqila ayollarning mahalladagi faolligi, ularning jamiyatdagi o‘rni va zimmasiga yuklatilgan vazifalar muhokama qilindi.
Tadbir davomida xotin-qizlar ishtirokida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi rejalar yuzasidan ham fikr almashildi. Hududda ijtimoiy barqarorlik va oila institutini mustahkamlash borasida aniq vazifalar belgilab olindi.


***
Futbol va mini-futbol bo‘yicha “DXX kubogi”ning Jizzax viloyati bosqichi nihoyasiga yetdi.
Unda Jizzax shahri va 12 ta tuman bosqichida g‘oliblikni qo‘lga kiritgan mahallalarning futbol va mini-futbol jamoalari respublika final bosqichiga yo‘llanma uchun bahs olib bordi va nihoyat futbol bo‘yicha erkaklar va ayollar, mini-futbol bo‘yicha erkaklar jamoalari g‘oliblarining nomlari ma’lum bo‘ldi.

“DXX kubogi”da Arnasoy tumanining “Yangibo‘ston” MFY jamoasi yigitlari, ayollar futbolida Forish tumanining Oybek mahallasi xotin-qizlar jamoasi hamda mini-futbol bahslarida Zarbdor tumanining “Ravot” MFY erkaklar jamoasi barcha raqiblarini dog‘da qoldirib, respublika final bosqichida Jizzax viloyati sharafini himoya qiladigan bo‘ldi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri