Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax politexnika institutida “Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish” mavzusida tadbir bo‘lib o‘tdi.


Tadbirda viloyatda yoshlar, ayniqsa talabalar tomonidan sodir etilayotgan jinoyat va huquqbuzarliklar, shuningdek yo‘l harakati qoidalarini buzish bilan bog‘liq holatlar to‘g‘risida atroflicha ma’lumot berildi. Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyati haqida to‘xtalib o‘tildi. Qonun ustuvor bo‘lgan mamlakatimizda har qanday jinoyat uchun jazo muqarrarligi hayotiy misollar bilan tushuntirildi.
***
Forish tuman hokimi Ikrom Matiyev va tuman hokimining qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Komiljon Karimov tumandagi fermer xo‘jaliklari raislari bilan ochiq muloqot o‘tkazdi. Unda fermerlarni qiynayotgan muammolar o‘rganildi, ularga yechim izlanib, mutasaddi tashkilotlarga kerakli ko‘rsatmalar berildi.


Shuningdek, fermer xo‘jaliklarining iqtisodiy ahvolini yuksaltirish, chorva mollar naslini yaxshilash hisobiga uning mahsuldorligini oshirish, bozorga arzon va sifatli qishloq xo‘jalik mahsulotlari yetkazib berish, ekindan bo‘shagan maydonlarga takroriy ekin ekishni yakunlash va takroriy ekinlardan yuqori hosil olishga erishish yuzasidan fikr almashildi.
***
Prezidentimizning 2024 yil 4 noyabrdagi “Suv sporti turlarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida Zarbdor tumanidagi yopiq suv saroyida sportning suv polosi turi bo‘yicha ochiq birinchilik musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqa yakuniga ko‘ra, umumjamoa hisobida Jizzax shahar suv sportiga ixtisoslashtirilgan sport maktabi jamoasi g‘olib bo‘ldi. Qo‘shni Sirdaryo viloyati suv polosi jamoasi 2-, mezbon Zarbdor tuman yoshlari 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilarning diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
***
Zomin tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan tumanda qurilishi davom etayotgan “Artel” binosida xavfsizlik bo‘yicha profilaktik nazorat tadbiri o‘tkazildi.


Qurilish maydoni ko‘zdan kechirilib, ishchi-xodimlarga mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi hamda yong‘in xavfsizligi qoidalari yuzasidan tushuntirish ishlari olib borildi va maxsus yo‘riqnomalar berildi. Mazkur tadbirlar qurilish jarayonlarining xavfsiz va belgilangan talablar asosida olib borilishini ta’minlashga xizmat qiladi.
***
Do‘stlik va Zafarobod tumanlari favqulodda vaziyatlar bo‘limi xodimlari tomonidan aholi yashash xonadonlari hamda tadbirkorlik sub’ektlarida yong‘in xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan nazorat-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.


Tadbirlar davomida fuqarolar, ishchi xodimlar va mas’ul shaxslarga amaldagi yong‘in xavfsizligi qoidalari hamda talablari yuzasidan keng qamrovli tushuntirish ishlari olib borildi. Tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli ob’ektlarda o‘tkazilgan profilaktik tadbirlar davomida yong‘in xavfsizligi yuzasidan aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi va bu kabi holatlarning oldini olish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri