Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumanida kam ta’minlangan oilalarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning o‘zini- o‘zi band qilish orqali oilaviy byudjetini oshirish uchun qo‘shimcha daromad manbasini yaratish va turmush sharoitini yaxshilash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Moliya va iqtisodiyot vazirligi huzuridagi Pensiya jamg‘armasi mas’ullari ana shunday ezgu ishlardan birini yaqinda tumandagi “Qahramon” mahalla fuqarolar yig‘inida amalga oshirdi.
Vazirlik vakillarining o‘rganishlaridan so‘ng mahalladagi ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalar uchun qo‘shimcha yordam sifatida jo‘jalar tarqatildi. Bu kabi amaliy yordamlar oilalarning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, o‘zini o‘zi band qilish orqali oila daromadi va turmush darajasini oshirishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.
***
“Jizzax viloyatidagi mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini oshirish” mavzusida o‘quv-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.
Yoshlar innovatsion markazining majlislar zalida tashkil etilgan seminarda viloyat hokimligi, prokuratura, DXX, Ichki ishlar boshqarmalarining rahbar va mas’ullari, mahalla yoshlar yetakchilari hamda mutasaddilar ishtirok etdi.
O‘quv-amaliy seminar davomida yoshlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning oldini olish, profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan atroflicha fikr-mulohazalar bildirildi.
***
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limining tashabbusi bilan buyuk mutafakkir va alloma Imom Motrudiy tavalludining 1155 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’naviy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy yozuvchi va shoirlar, Jizzax davlat pedagogika universiteti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlarining ushbu anjumanda faol ishtirok etganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Tadbirda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Jizzax viloyat bo‘limining rahbari Mehribon Abdurahmonova so‘zga chiqib, Imom Motrudiyning ilm-fan va tafakkur olamiga qo‘shgan ulkan hissasi, uning islom falsafasi va kalom ilmidagi xizmatlari haqida to‘xtalib, bunday ulug‘ siymolarning merosini yosh avlodga yetkazish muhimligini alohida ta’kidladi.
Shuningdek, tadbir ishtirokchilari–O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zolari Abulqosim Mamarasulov va Sherali Hikmat hamda Abduxalil Sattarovlarning Imom Motrudiy ma’naviy merosi to‘g‘risidagi chiqishlari diqqat bilan tinglandi.
***
Forish tumanida “Boshqaruv organlari, FVB hududiy quyi tizimlarining favqulodda vaziyatlarni bartaraf etish bo‘yicha harakatlari” mavzusida hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqi o‘tkazildi.
O‘quv mashqlarida Forish tumani telekommunikatsiya bog‘lanmasi tomonidan tuman boshqaruv organlari, favqulodda vaziyatlar boshqarmasining quyi tizimi xizmatlari hamda iqtisodiyot ob’ektlari rahbarlariga berilgan tezkor xabarga asosan tuman hokimligida tezkor yig‘ilish o‘tkazildi. Bunda yuzaga kelgan vaziyat bo‘yicha o‘tkaziladigan o‘quv mashqi maqsadi barchaga yetkazildi.
Shundan so‘ng, tuman yig‘ma komandasi, FVDqT xizmatlarining kuch va vositalarining saf ko‘rigi o‘tkazilib, jalb etilgan kuch va vositalar hisobiga aniqliklar kiritildi va barcha turdagi texnikalar va maxsus asbob-anjomlarning shayligi amalda tekshirildi va o‘quv mashqi rejasiga asosan o‘quv nuqtalarida amaliy harakatlar sinovdan o‘tkazildi.
***
Arnasoy tumanida “Baxtli” mahalla servis kompaniyasining yangidan barpo etilgan zamonaviy binosi tantanali ravishda foydalanishga topshirildi.
Yangi bino nafaqat arxitektura jihatidan zamon talablariga mos, balki aholiga yanada qulay va tezkor xizmat ko‘rsatish imkonini yaratadi. “Baxtli” mahalla servis kompaniyasi orqali hozir tumandagi barcha mahallalarda 20 dan ortiq arzon va sifatli xizmat turlari ko‘rsatilmoqda.
Kompaniya foydalanishga topshirilishi natijasida 11 nafar mahalliy yosh doimiy ish o‘rni bilan ta’minlandi. Ular xizmat sifati va mijozlar roziligini birinchi o‘ringa qo‘ygan holda, faoliyat olib bormoqda. Bu esa nafaqat aholining turmush farovonligini oshirish, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, ishsizlikni qisqartirishga ham xizmat qilmoqda.
[gallery-23345]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri