Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Gulchehra Tojiboyeva hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Jizzax viloyat kengashi vakillari Paxtakor tumani “Samarqand” mahalla fuqarolar yig‘ini saylovchilari bilan uchrashdi.
Ular “Mahalla yettiligi” bilan ochiq muloqotda bo‘lib, bu yerda amalga oshirilgan ishlar, mavjud kamchiliklar, mahalla hududidagi obodonlashtirish yumushlari bilan atroflicha tanishdi. “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida ekilgan ko‘chatlar holatini ko‘zdan kechirib, bu borada o‘z maslahat va tavsiyalarini berishdi.
[gallery-22071]
Shuningdek, xonadonlarda foydalanilayotgan quyosh panellarining afzalliklari haqida aholi bilan suhbat o‘tkazildi.
***
Forish tumani “Oqtom” MFYda “Obod xonadon – obod ko‘cha – obod mahalla” mezonlari asosida mahalla infratuzilmasini yaxshilash, mahallani obod va ko‘rkam maskanga aylantirish, aholiga munosib turmush sharoiti yaratish borasida keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Bugungi kunda Oqtom mahallasida obodonlashtirish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish, aholi xonadonlari, hovli- joylar, ko‘chalarni, ijtimoiy soha ob’ektlari atrofini obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari jadallik bilan olib borilmoqda.
Aholi uchun qulay sharoitlar yaratish hamda mahalla qiyofasini yanada yaxshilash yo‘lida olib borilayotgan sa’y-harakatlar natijasida mahalla obod maskanga aylanmoqda. Oqsoqollarning aytishicha, mahalladagi obodonlashtirish, qurilish, ta’mirlash ishlari Navro‘z umumxalq bayrami arafasida to‘liq yakuniga yetadi.
***
Do‘stlik tumani markazidagi Do‘stlik ko‘chasini Mevazor mahallasiga bog‘lovchi asosiy ko‘chada ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilmoqda.
Bunda ko‘chaning ikki yonida piyodalar xavfsiz yurishlari uchun keng hamda yorug‘ yo‘laklar, zamonaviy xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va shu kabi aholi uchun namunali xizmat ko‘rsatuvchi infratuzilmalar tashkil etiladi.
Davlatimiz rahbarining topshirig‘iga asosan bunyod etilayotgan ushbu ko‘chada aholiga kechasi-yu kunduz xizmat ko‘rsatish bilan birgalikda ko‘plab yangi ish o‘rinlari ham yaratiladi.
***
Jizzax viloyat prokurori B.Ibrohimov tomonidan Arnasoy tumanida qishloq xo‘jaligi sohasida hamda yer resurslari talon-torojining oldini olish bo‘yicha 2024 yil va joriy yilning o‘tgan davrida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar yuzasidan yig‘ilish o‘tkazildi.
Yig‘ilishda hududda yerlarni o‘zboshimchalik bilan egallash, noqonuniy qurilmalarni aniqlash va bartaraf etish ishlari lozim darajada yo‘lga qo‘yilmaganligi tanqidiy muhokama qilindi.
Bundan tashqari, kun tartibidagi masalalar bo‘yicha hamda Prezidentning 2024 yil 5 apreldagi “Yoshlarga yer ajratish orqali ularning daromadlarini oshirish va bandligini ta’minlash, shuningdek, yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida soha mas’ullariga topshiriqlar berildi.
***
O‘smat shaharchasida “Turon” maktab teatri tanlovining Baxmal tuman bosqichida mavjud 86 ta umumta’lim maktabidan 690 nafarga yaqin o‘quvchi o‘g‘il-qizlar o‘zlarining bor mahorat va iqtidorlarini namoyish etdi.
Tanlov yakuniga ko‘ra, 8-sonli umumta’lim maktabining “Uchqun” jamoasi birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni 77-sonli maktabning“Yangi avlod” hamda 56-sonli maktabning “Meros” jamoalari egalladi.
Ushbu tanlovni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad – o‘quvchilarda notiqlik san’ati va sahna madaniyatini shakllantirish, teatr studiyalari faoliyatini qo‘llab quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual qobiliyatini rivojlantirish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri