Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Baxmal tuman hokimligi tashabbusi bilan O‘smat shaharchasida Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat musiqali teatr repertuaridan o‘rin olgan “Qaytar dunyo” spektakli namoyishini tumandagi barcha tashkilot va muassasalar xodimlari, ularning oila a’zolari hamda “N” harbiy qismning harbiy xizmatchilari tomosha qildi.
[gallery-21766]
Tomoshabinlar hukmiga havola etilgan spektaklda oilani mustahkamlash, baxtli hayot kechirishni ta’minlash, farzandlarni to‘g‘ri tarbiyalash kabi muhim jihatlar haqida hikoya qilinadi. Namoyish barchada chuqur taassurot qoldirdi.
***
Jizzax garnizonidagi “N” harbiy qismida viloyatdagi barcha umumta’lim maktablari hamda o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining 612 nafar chaqiruvga qadar boshlang‘ich tayyorgarlik fani o‘qituvchisi uchun bir kunlik o‘quv yig‘ini o‘tkazildi.
Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi va Mudofaa vazirligi mas’ul ofitserlari, Jizzax mudofaa ishlari boshqarmasi, O‘zbekiston Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi vakillari ishtirokida tashkil etilgan ushbu yig‘in tanqidiy ruhda o‘tib, o‘quvchilarning boshlang‘ich tayyorgarlik fanini chuqur o‘zlashtirish borasida yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar, moddiy- texnik bazasini yaxshilash bo‘yicha hisobotlar tahlil etildi.
Shuningdek, soha vakillari zimmasiga yuklatiladigan mas’uliyat va javobgarlik, ona Vatanga sadoqat, fidoyilik borasida tushunchalarni yoshlarga chuqurroq anglatish lozimligi ta’kidlandi.
***
Zomin tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi bolalarni ijtimoiy himoya qilish shu’basi hamda psixologlar guruhi bosh mutaxassisi tomonidan yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan vasiylik, homiylik va patronat(oila tarbiyasi)ga olingan bolalarning ruhiyatini ko‘tarish, o‘ziga bo‘lgan ishonchini orttirish, muloqotga kirishuvchanligini oshirish maqsadida “O‘zingni kashf et!” deb nomlangan trening tashkil etildi.
Treningda markazning psixologlar guruhi bosh mutaxassisi tomonidan bolalarning ruhiy holatini aniqlab beruvchi qiziqarli saboqlar va artterapiya mashqlari ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
***
Xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashi deputati X.Hamdamova ulug‘ mutafakkir shoir va davlat arbobi Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag‘ishlangan “Navoiy yodi ila yashaymiz mudom!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirda “Nega Navoiyni ko‘p o‘qish kerak?” mavzusidagi ma’ruzasi bilan qatnashdi. Adabiyotshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlar va o‘quvchilar ma’ruzani katta e’tibor bilan tingladi.
Shuningdek, JizPIda Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 542 yilligi munosabati bilan “Bobur – shoh va shoir” deb nomlangan badiiy kecha bo‘lib o‘tdi. Shoh va shoir ilmiy va badiiy merosining yoshlar tarbiyasidagi o‘rni, ahamiyati haqidagi ushbu tadbirda ham shahar Kengashi deputati X.Hamdamovaning ma’ruzasi katta qiziqish bilan tinglandi.
Talabalar o‘rtasida Navoiy va Bobur g‘azallari bo‘yicha bahri bayt o‘tkazildi, faol ishtirokchilarga badiiy kitoblar sovg‘a qilindi.
***
Zafarobod tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi xodimlari “Pistalikent” MFYda istiqomat qiluvchi yolg‘iz keksa va nogironligi bo‘lgan fuqarolarning xonadonlarida bo‘lib, ularning holidan xabar oldilar.
2 nafar birinchi guruh nogironligi bo‘lgan shaxsga qarab turish dalolatnomasini rasmiylashtirishga va birining protez-ortopediya moslamasiga, bir nafar ikkinchi guruh nogironligi bo‘lgan fuqaroning davolanishga bo‘lgan ehtiyoji borligi aniqlandi.
Markaz tomonidan ushbu fuqarolarga reja asosida ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatilishi va protez-ortopediya moslamalarining yetkazib berilishi belgilandi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri