Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Ma’naviyat va ma’rifat markazi Do‘stlik tuman bo‘linmasi hamda tuman axborot- kutubxona markazi tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidenti Islom Karimov tavalludining 87 yilligiga bag‘ishlab “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Bahsda tuman maktabgacha va maktab ta’limi, sog‘liqni saqlash, ichki ishlar bo‘limlari, tuman ixtisoslashtirilgan maktabi,tumandagi Abu Ali Ibn Sino nomidagi jamoat salomatlik texnikumidan jami 6 ta jamoa ishtirok etdi.
Yakuniy xulosalarga ko‘ra, 1-o‘rin tumandagi 20-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchilaridan tashkil topgan “Zukkolar” jamoasiga nasib etgan bo‘lsa, 2- va 3-o‘rinlarni 13-maktabning “Ustozlar” va Do‘stlik tumani tibbiyot birlashmasining “Jonkuyarlar” jamoalari egalladi.
Barcha jamoalarga tashkilotchilarning diplom va badiiy adabiyotlar to‘plami sovg‘a qilindi.
***
Jizzax viloyati IIBda Tergov boshqarmasi va viloyat prokuraturasi hamkorligida “Axborot texnologiyalari sohasida sodir etilayotgan jinoyatlar, ularga qarshi kurashish, muammo va yechimlar” mavzusida o‘quv-seminar tashkil etildi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Yevgeniy Kolenko boshchiligidagi mutaxassislar, viloyat prokuraturasi bo‘lim boshliqlari, tergovchilari, shahar-tuman prokuraturalarining tergovchilari, IIB huzuridagi tergov boshqarmasi, TQX, EKM hamda uning joylardagi bo‘linmalari xodimlari qatnashdi.
Seminar bahs-munozaralarga boy tarzda o‘tdi. Shu ma’noda xodimlar ushbu yo‘nalishda kerakli ma’lumotlarga ega bo‘ldi.
Tadbir so‘nggida ishtirokchilar Jizzax viloyati IIB kiberxavfsizlik bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.
***
Qish mavsumini betalofat o‘tkazish maqsadida Zarbdor tuman favqulodda vaziyatlar bo‘limi va boshqa mutasaddi tashkilotlar xodimlari bilan hamkorlikda mahallalar xonadonlarida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlar va yong‘inlarning oldini olish bo‘yicha profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.
Ushbu tadbirlar davomida bugun tumandagi “Yangiobod” MFYdagi aholi xonadonlarida fuqarolar o‘rtasida yong‘inlar, gaz va havo aralashmasining chaqnashi hamda is gazidan zaharlanish bilan bog‘liq noxush holatlarning oldini olish yuzasidan profilaktik suhbatlar o‘tkazildi.Tadbir davomida dudburonlar ko‘zdan kechirilib, nostandart va qo‘lbola isitgichlar olib qo‘yildi.
Xonadon sohiblariga xavfsizlik qoidalari bitilgan yo‘riqnomalar tarqatildi.
***
Zomin tumanidagi “Shirin”QFY Baxmatchoyi qishlog‘ida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” mezonlarini joriy etish, hudud infratuzilmasini yaxshilash, aholi bandligini ta’minlash va og‘ir hudud toifasidan chiqarish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Qisqa muddatda ichki imkoniyatlar hisobidan Baxmatchoyi qishlog‘ida ichki yo‘llar bilan bog‘liq muammolar bartaraf etildi. Mazkur qishloqni har jabhada eng namunaviy, obod, go‘zal hududga aylantirish yo‘lida izchillik bilan ish olib borilmoqda.
Baxmatchoyi qishlog‘ini obodonlashtirish ishlarida 50 nafar ishchi-xizmatchi, quruvchi-muhandislar, 8 ta maxsus texnika vositasi va qishloq fuqarolari jamuljam bo‘lib mehnat qilayotganini ham ta’kidlab o‘tish lozim.
***
Forish tumanida Prezidentimizning 2024 yil 25 noyabrdagi “Kambag‘allikdan farovonlik sari” dasturini amalga oshirishda faol nuroniylarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda Vazirlar Mahkamasining 2024 yil 27 dekabrdagi “Faol nuroniylarni kambag‘al oilalarga biriktirish hamda mahallada sog‘lom turmush tarzi va ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirishga jalb etish tartibi” to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Forish tumanidagi Ilonli mahallasida yashovchi faol nuroniylar mahalladagi kambag‘al oilalarga biriktirilgan bo‘lib, ular muntazam ravishda kambag‘al oilalar daromadini oshirish, ularni kambag‘allikdan chiqarish va mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhitni shakllantirish borasida ish olib bormoqda.
Mahalladagi ro‘yxatda turuvchi oilalar o‘z tomorqalaridan unumli foydalanishi, bog‘dorchilik, parrandachilik va chorvachilik bilan shug‘ullanishida tuman hokimligi va “mahalla yettiligi” amaliy yordam ko‘rsatmoqda.
[gallery-21549]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri