Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Zomin tumanlararo iqtisodiy sudi tomonidan Zarbdor kasb-hunar maktabida o‘tkazilgan davra suhbatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining yangi tahrirda qabul qilinishi mamlakatimiz taraqqiyoti, jamiyatimizning rivoji hamda inson huquq va erkinliklarini ta’minlashda muhim ahamiyatga ega ekanligi ta’kidlandi.
O‘tkazilgan davra suhbatida so‘nggi yillarda ijtimoiy-iqtisodiy, sud-huquq yo‘nalishida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, bunda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishda Konstitutsiyaning o‘rni va ahamiyati, sud hokimiyatining roli hamda davlat hokimiyati tizimida parlament va sud hokimiyatining o‘zaro munosabatlari haqida so‘z yuritildi.
[gallery-21268]
Savol-javoblarga boy o‘tgan davra suhbatida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga sudyalardan batafsil javoblar oldi.
***
Jizzax viloyati IIB hamda Paxtakor tumani IIB mas’ullari tomonidan hududdagi savdo do‘konlari va umumiy ovqatlanish shoxobchalarida osoyishtalikni ta’minlash, jamoat tartibini saqlash hamda jinoyatchilikni jilovlashga qaratilgan tungi profilaktik tadbir o‘tkazildi.
Tadbir davomida ushbu ob’ektlarning qo‘riqlanishini tashkil etish, ularga videokuzatuv kameralari o‘rnatish va ishlashini nazorat qilish kerakligi atroflicha tushuntirildi.
***
Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Mustafoyev Zarbdor tumaniga tashrifi chog‘ida tumanning “Lalmikor” MFY hududida 70 sotixda tashkil etilgan meva plantatsiyasi bilan tanishib, o‘simlik ko‘chatlariga o‘z vaqtida agrotexnik ishlovlar berish, ko‘chatlarni o‘z vaqtida parvarishlash bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar bergan edi.
Zarbdor tumani hokimi vazifasini vaqtincha bajaruvchi Q.Nurmatov hamda tuman prokurori R.Masharipov boshchiligida tadbirkor va agronomlar bilan birgalikda ko‘chatlarning yaxshi rivojlanishi uchun kerakli menerallarga boy ozuqaviy o‘g‘itlar, agrotexnik ishlar olib borilishi nazorat qilindi. Ko‘rsatilgan kamchiliklar bosqichma- bosqich bartaraf etilayotganligi ham qayd etildi.
***
Jizzax viloyati IIB boshlig‘i, general-mayor G‘ayrat Qodirov Zafarobod tumani “Cho‘liguliston” QFYda “Obod mahalla”, “Obod ko‘cha” va “Obod xonadon” dasturi dorirasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.
Qishloq aholi punktining 4 ta ko‘chasidagi ichimlik suvi tarmog‘i yangilanib, 2 ta ko‘chadagi 2 qavatli 4 ta bino kanalizatsiya tarmog‘iga ulanadi. Ichki ko‘chalarning 4 kilometriga asfalt yotqiziladi, maishiy va kompyuter xizmatlarini ko‘rsatish shoxobchalari bunyod etiladi. Elektr tarmog‘ida ta’mirlash ishlari bilan birga, piyodalar yo‘laklari ham quriladi.
Viloyat IIB boshlig‘i bu boradagi ishlarni ko‘zdan kechirib, o‘zining zarur ko‘rsatma va tavsiyalarini berdi.
***
Yurtimizda Vatan himoyasi kabi ulug‘vor ishga o‘zini bag‘ishlagan harbiy xizmatchilar katta hurmat va e’zoz bilan qadrlanib, har yili 14 yanvar – Vatan himoyachilari kuni katta shodiyona bilan nishonlanadi.
Qurolli Kuchlar tashkil topganligining 33 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan Jizzax viloyatida bayram tadbirlari katta tantana bilan o‘tkazilib, Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘yildi.
Jizzax viloyati hokimligida tashkil etilgan bayram tadbiri davomida bir qator harbiy xizmatchilarga faxriy yorliqlar va esdalik sovg‘alari topshirildi.
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri