Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Do‘stlik tumani prokurori “Qahramon” MFY faollari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan birgalikda fuqarolarning muammolarini o‘rgandi.
Ochiq muloqot tarzida bo‘lib o‘tgan tadbirda mahalla fuqarolari o‘zlarini qiynayotgan elektr energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, tibbiy yordam, ko‘mir yetkazib berish, chiqindilarni tashib ketish xizmatidagi muammoli masalalarni ko‘tardi.
Respublika ishchi guruh a’zosi M.Abdalniyozov hamda Do‘stlik tumani prokurori S.Razzoqovlar rahbarligida o‘tgan o‘rganishlar jarayonida murojaatlarning ayrimlari joyida ijobiy yechimini topdi. Yechimi qo‘shimcha o‘rganish va muddat talab etadiganlari bo‘yicha mutasaddi tashkilotlarga topshiriq berilib, ijrosi sektorlar shtabi tomonidan nazoratga olindi.
***
Mirzacho‘l tuman maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limiga qarashli “Yangidala” MFY hududidagi umumta’lim maktablari va DMTT rahbar va xodimlari ishtirokida bo‘lib o‘tgan “Jaholatga qarshi ma’rifat” tadbirida asosiy e’tibor hududda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, yoshlarni diniy ekstremizm, terrorizim, radikal oqimlar va yot g‘oyalar ta’siridan ogoh etish, diniy bag‘rikenglik hamda millatlararo totuvlikni mustahkamlashga qaratildi.
Respublika Ma’naviyat ma’rifat markazi Mirzacho‘l tumani bo‘linmasi rahbari T.Husanov va boshqalar tomonidan ushbu tadbirda yig‘ilganlarga ma’naviy-ma’rifiy hamda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish mavzularida tushunchalar berildi.
Shuningdek, internet tarmog‘idan to‘g‘ri foydalanish, Yangi yil bayrami arafasida pirotexnika vositalaridan foydalanmaslik, unig zararli oqibatlari haqida batafsil tushunchalar berildi.
***
G‘allaorol tumani umumiy o‘rta ta’lim maktablari o‘quvchilari ishtirokida Jizzax garnizoni targ‘ibot guruhi, G‘allaorol tuman mudofaa ishlari bo‘limi, tuman majburiy ijro byurosi tomonidan “Vatanparvarlik oyligi” doirasida seminar o‘tkazildi.
“Yangi O‘zbekiston armiyasi – mamlakat tayanchi, xalqimiz faxri!” shiori ostida “Vatanga xizmat– oliy fazilat” mavzusida o‘tgan ushbu tadbirda yoshlarni Vatanga sadoqat ruhida tarbiyalash, ularning qalbi va ongiga ona- Vatanni sevish hamda uni ardoqlash tuyg‘ularini singdirish muqaddas burchimiz ekani alohida ta’kidlandi.
Tadbirda so‘z olganlar milliy armiyamiz kuch-qudrati, unda yaratilayotgan keng imkoniyatlar, harbiy xizmatchilar uchun yaratilayotgan sharoitlar haqida ma’lumotlar berishdi.
***
Ayni paytda Jizzaxda bo‘lib turgan Respublika ishchi guruhi vakillari B.Musurmonov, A.Hamdamov hamda bir qator mutasaddi tashkilot rahbarlari Jizzax shahridagi Ko‘p tarmoqli bolalar shifoxonasining qish mavsumiga tayyorgarligi, xonalar harorati, isitish tizimlari holati bilan tanishdi. Bemorlar bilan suhbatlashib, yaratilgan shart-sharoitlar to‘g‘risidagi fikrlari bilan qiziqdi.
Mutasaddilarga muassasada kichik muammoga ham, ayniqsa, elektr va issiqlik ta’minotida uzilishga yo‘l qo‘ymaslik lozimligi qat’iy ta’kidlandi.
***
Do‘stlik tumanida ham Yangi yil bayrami munosabati bilan savdo yarmarkalari o‘tkazilmoqda.
Jumladan, tumanning olis hududi sanalmish “Bunyodkor”, “Saritepa”, “Sanoatchilar” va “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘inlarida ko‘chma savdo yarmarkalari tashkil etilib, oziq-ovqat mahsulotlari narxi barqarorligini ta’minlash, sifatli oziq-ovqat mahsulotlari va qishloq xo‘jalik mahsulotlarini aholiga yetkazib berish hamda aholiga qulaylik yaratish maqsadida xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
[gallery-21015]
A.Qayumov, O‘zA muxbiri