Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Jizzax shahrida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlar deputatlari saylovlarida yoshlarning faolligini oshirishga qaratilgan “Saylov va yoshlar” mavzusida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Unda viloyat saylov komissiyasining trenerlari tomonidan ishtirokchilarga saylov qonunchiligi hamda saylovlarda yoshlarning faol ishtiroki uchun huquqiy bilim, tushuncha va ko‘nikmalar berildi.
***
Arnasoy tumani yoshlari o‘rtasida “Saylov va yoshlar” targ‘ibot loyihasi doirasida o‘tgan tadbir davomida konsert dasturi namoyish etilib, bir qator sport turlari bo‘yicha bellashuvlar hamda “Zakovat” intellektual o‘yinlari bo‘lib o‘tdi.
Mazkur targ‘ibot loyihalari yakunida Arnasoy tumani madaniyat markazida Jizzax viloyati filarmoniyasi xonanda va sozandalari tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar ishtirokchilarga manzur bo‘ldi.
Ushbu targ‘ibot loyihalari orqali yoshlarga saylov qonunchiligidagi islohotlarni tushuntirish, siyosiy huquqlaridan foydalanishga jalb qilish va huquqiy savodxonligini yuksaltirish ko‘zda tutilgan.
***
Zomin tumanida 2024- 2025 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish, uni betalafot o‘tkazish, energetika hamda gaz tizimlarining barqaror ishlashini ta’minlash, aholi, tashkilot va muassasalar hamda iqtisodiyot tarmoqlarida elektr energiyasi va gaz resurslarini yetkazib berishda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha ishchi guruhlar tomonidan o‘rganish va targ‘ibot ishlari davom etmoqda.
Xususan, ishchi guruhi tomonidan tumandagi ijtimoiy soha ob’ektlari, ko‘p qavatli uylar hamda aholi xonadonlarida kuz-qish mavsumida ko‘ngilsiz holatlar sodir bo‘lishining oldini olish maqsadida o‘rganishlar olib borilib, aniqlangan kamchilik va muammolar ishchi guruh a’zolari ko‘rsatmasi asosida mutaxassislar tomonidan bartaraf etilmoqda.
***
O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi hamda Milliy gvardiya qo‘mondonligi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma rejaga asosan Yangiobod tumanidagi 1-umumta’lim maktabida o‘quvchi -yoshlar bilan bog‘liq bo‘lgan yo‘l transport hodisalarining oldini olish, ular o‘rtasida harakat xavfsizligi bo‘yicha ko‘nikmalarni shakllantirishga qaratilgan targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Tuman IIB, Milliy gvardiya va maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi hamkorligida o‘tkazilgan ushbu tadbirda o‘quvchilarga yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, yosh targ‘ibotchilar klublari faoliyatini jonlantirish, viktorina va musobaqalar o‘tkazish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
[gallery-19863]
***
Jizzax viloyati prokurori B.Ibrohimov boshchiligida huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari rahbarlarining birgalikdagi navbatdagi ommaviy cayyor qabuli Zomin tumanida bo‘lib o‘tdi.
Ommaviy qabulda jami 122 ta ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy masalalar yuzasidan murojaatlar kelib tushdi. Mazkur murojaatlarning ijtimoiy himoya va sud-huquq masalalariga oid 85 tasi joyida hal etilgan bo‘lsa, o‘rganish va muddat talab qiladigan murojaatlar viloyat prokurori tomonidan nazoratga olindi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri