Jizzax viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
Prezidentimiz raisligida kambag‘allikni qisqartirish ishlarini keyingi sifat bosqichiga olib chiqish masalalari muhokamasi bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektr yig‘ilishida belgilab berilgan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Zarbdor tumani hokimi Zafar Ro‘ziyev “Yoshlik” MFYda daromadi past oilalarning turmush sharoiti bilan tanishdi.
Tuman hokimi daromadi kam xonadonlarda bo‘lib, oilalarning muammolari yuzasidan suhbatlashdi, ularning mavjud imkoniyatlari o‘rganilgan holda daromadlarini oshirish, bandligini ta’minlash borasida takliflar berdi va kambag‘allikdan chiqarish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilandi.
***
Arnasoy tumanida ta’lim samaradorligini oshirish bilan bir qatorda umumta’lim ob’ektlarida ta’mirlash, kuz-qish mavsumiga tayyorlash ishlari olib borilmoqda.
Jumladan, tumandagi 5-sonli Bolalar musiqa va san’at maktabida issiqlik tizimi, maktabining fasad qismi, ichki va tashqi yo‘lakchalarining yaroqsiz holga kelib qolgan joylari ta’mirlanmoqda.
Shuningdek, tumandagi 7-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi ham yillar davomida ta’mirtalab holga kelib qolganligi bois, dastur asosida 5 milliard 600 million so‘m mablag‘ ajratilib, “Bo‘ston montaj ta’miri” MCHJ tomonidan kapital ta’mirlash ishlari olib borilmoqda.
***
Do‘stlik tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida tashkil etilgan “Ochiq eshiklar kuni” tadbirida ijodiy ishlar ko‘rgazmasi namoyish etildi.
Shuningdek, sport yo‘nalishida xalqaro musobaqalar g‘oliblari va robototexnika yo‘nalishida faxrli 1-o‘rinni egallagan to‘garak a’zolari taqdirlandi.
Tadbirda tuman hokimligi, tuman maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi ma’sullari hamda to‘garak rahbarlari va to‘garaklarga a’zo o‘quvchilar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Ushbu tadbir doirasida “Barkamol avlod” bolalar maktabi san’at to‘garagi a’zolari tomonidan namoyish etilgan konsert dasturi barchaga xush kayfiyat ulashdi.
***
Respublika ishchi guruhi vakillari Jizzax viloyatida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik bo‘yicha tashkil etilgan shtab faoliyati bilan tanishib, shahar va tumanlarda kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish yuzasidan zaruriy ko‘rsatmalar ham berishmoqda.
Ishchi guruhi a’zolari, jumladan, G‘allaorol tumanida tashkil etilgan shtab faoliyatini yaqindan o‘rgandi. Mazkur o‘rganish davomida shtab mas’ullariga kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish yuzasidan zarur ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.
***
Jizzaxda tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini o‘rganish va ijobiy hal qilishga qaratilgan sayyor qabul viloyat bojxona boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari I.Abbosov ishtirokida bo‘lib o‘tdi.
Unda bugungi kunda tadbirkorlarga yaratib berilayotgan keng imkoniyatlar, ulardan unumli foydalanish, shuningdek, sohada uchrayotgan muammo va kamchiliklarni tegishli tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘rganib, zudlik bilan bartaraf etish bo‘yicha mulohazalar ilgari surildi.
Shuningdek, bojxona sohasida eksportyor-importyor korxonalar uchun joriy qilingan yangi zamonaviy tizimlar va ularning qulayligi, “Bojxona hududida qayta ishlash” rejimi hamda uning afzalliklari xususida ham tadbirkorlarga tushunchalar berildi. Muloqot davomida tadbirkorlarning soha rivoji yo‘lidagi taklif hamda fikrlari tinglandi.
[gallery-19283]
A.Qayumov,
O‘zA muxbiri